Jahon | 22:49 / 15.08.2024
9373
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Kurks operatsiyasi tufayli Donetsk frontidagi pozitsiyalaridan ayrilmoqda

Kurskka hujum qilish maqsadida Donetsk viloyatidagi pozitsiyada joylashgan bo‘linmalarning siljitilishi Ukraina mudofaasini zaiflashtirgan.

Foto: The Moscow Times

Kurskka hujum qilish maqsadida Donetsk viloyatidagi pozitsiyada joylashgan bo‘linmalarning siljitilishi Ukraina mudofaasini zaiflashtirdi. Rossiya armiyasi Donbassda bosimni kuchaytirdi va bir nechta aholi punktini egallab oldi. Kurks operatsiyasining muvaffaqiyatiga askarlar yetmasligi sabab qiynalayotgan frontning boshqa nuqtalaridagi muammolar soya solmoqda.

14 avgust kuni Rossiya qo‘shinlari Jyelannoye va Orlovka qishloqlarini egalladi, shuningdek, Nyu-York, Nikolayevka, Juravka va Krasnogorovka aholi punktlari tomon siljidi. Ushbu aholi punktlari aprel oyidan beri rus bo‘linmalari hujum qilib kelayotgan Toretsk va Pokrovsk shaharlari o‘rtasida joylashgan.

Bugun, 15 avgust kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ivanovka nazorat ostiga olinganini ma’lum qildi. U Pokrovskdan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan, UQKning yirik ta’minot markazi shu yerda joylashgani bois strategik ahamiyatga ega.

Rossiya qo‘mondonligi Kursk yaqinidagi mudofaani mustahkamlash uchun sharqiy frontdan qo‘shinlarni olib chiqayotgani haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Aksincha, Donbassda bosim kuchayib bormoqda, u yerda bir yarim hafta oldin Kursk operatsiyasida ishtirok etish uchun ba’zi bo‘linmalar siljitilgani tufayli Ukraina pozitsiyalari zaiflashgan.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Pokrovsk yo‘nalishida ukrainlar «bosqinchining 58 ta hujum harakatlarini to‘xtatgan». 13 avgust kuni Bosh shtab 52 ta hujum haqida aytgandi — ularning soni o‘tgan haftaga nisbatan oshgan.

UQKning Pokrovsk tumanini himoya qilayotgan 110-mexanizatsiyalashgan brigada vakili Ivan Sekachga ko‘ra, Kurskka hujumdan keyin «frontdagi vaziyat yomonlashgan». «Bizga oldingidan ham kamroq o‘q-dorilar yetib kelmoqda, ruslar esa hujum qilyapti», — deydi u.

Pokrovskni himoya qilayotgan ukrain askarining AP’ga ma’lum qilishicha, oxirgi haftada Rossiya armiyasining hujumlari faollashgan. Uning ta’kidlashicha, Kurks operatsiyasi ruslar «o‘z hududini himoya qila olmasligini ko‘rsatgan».

Mavzuga oid