Jahon | 02:53 / 17.08.2024
2803
3 daqiqa o‘qiladi

Kamala Xarris yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga 6 ming dollar berishni nazarda tutuvchi siyosiy dasturini e’lon qildi

Millionlab amerikaliklarning tibbiy xizmat to‘lovlari qarzdorligini bekor qilish - AQSh prezidentligiga nomzodning eng ko‘zga ko‘ringan takliflaridan bo‘ldi.

Foto: The Washington Post

Vitse-prezident Kamala Xarris 16 avgust agressiv-populistik iqtisodiy dasturini e’lon qildi. Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘lganidan beri u mamlakatni boshqarish bo‘yicha o‘zining ustuvor yo‘nalishlariga oid eng batafsil qarashlari bilan bo‘lishdi, deb yozadi The Washington Post.

Xarrisning Shimoliy Karolinada chiqishidan oldin uning saylovoldi shtabi «Amerika oilalari uchun xarajatlarni kamaytirish»ga qaratilgan o‘ndan ortiq iqtisodiy siyosatni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi — ularning ayrimlari prezident Jo Bayden bergan va’dalardan boshqacha.

Millionlab amerikaliklarning tibbiy xizmat to‘lovlari borasidagi qarzdorligini bekor qilish — eng ko‘zga ko‘ringan takliflardan bo‘ldi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari narxining ko‘tarilishi «birinchi marta» taqiqlanishi, retsept bo‘yicha beriladigan dori-darmonlar narxini cheklash, birinchi marta uy-joy xarid qilayotganlarga 25 ming dollar miqdorida subsidiya berish va farzandli bo‘lgan oilalarga 6 ming dollar miqdorida bolalar soliq imtiyozining berilishi kabi takliflar ilgari surildi.

Oxirgi band Respublikachilar partiyasidan vitse-prezidentlikka nomzod Jyeyms Devid Vens tomonidan bolalarga beriladigan imtiyozni 2 ming dollargan 5 ming dollargacha ko‘tarish taklifidan keyin yangradi. Xarris, shuningdek, muddati 2021 yilda tugagan bolalar soliq imtiyozini tiklashga, imtiyozni har bir bola uchun 2000 dollardan 3000 dollargacha oshirishga chaqirmoqda. 

Xarris hozirga qadar o‘z atrofini Baydenning sobiq yordamchilari bilan o‘rab olib kelayotgandi, jamoasi esa bir necha bor biznes yetakchilari bilan munosabat o‘rnatishga urindi. Ammo 16 avgust kuni e’lon qilingan siyosiy pozitsiyasi sanoat, mehnat va monopoliyaga qarshi siyosatda hukumatning iqtisodiyotga agressiv aralashuvini talab qilgan Bayden davridagi partiyaning qarashlarini davom ettirishini anglatdi.

«So‘nggi bir necha hafta ichida Xarris Demokratik partiya ishchi oilalarni qo‘llab-quvvatlaydigan kun tartibiga sodiqligini aniq ko‘rsatuvchi qator siyosiy qarorlar qabul qildi. «Erkin tadbirkorlik uchun yaxshi narsa, Amerika uchun yaxshi» bo‘lgan davrlar o‘tdi», — deydi Roosevelt Forward tahliliy markazi prezidenti Felitsiya Vong.

Ushbu takliflar uchun sarflanadigan xarajatlar hozircha noma’lum. Federal budjet bo‘yicha qo‘mitaning katta vitse-prezidenti Mark Goldveynga ko‘ra, aksariyat bolalar uchun 3 ming dollar berishni nazarda tutuvchi Baydenning soliq imtiyozlarini qayta tiklashga hozirgi siyosat bilan taqqoslansa, 1,1 trillion dollar talab etiladi. Xarrisning yangi tug‘ilgan bolalar uchun 6 ming dollar miqdorida qo‘shimcha imtiyoz berishi o‘n yil davomida 100 milliard dollarga tushadi.

Mavzuga oid