Jahon | 13:20 / 17.08.2024
7202
5 daqiqa o‘qiladi

Kirbi: Rossiya frontdan Kursk yaqiniga «ba’zi resurslarni» yubormoqda

«Ba’zi bo‘linmalarni» o‘tkazish Kreml Ukrainada shimoli-sharqiy va janubiy frontlarda operatsiyalarni to‘xtatganini anglatmaydi, dedi AQSh Milliy xavfsizlik xizmati koordinatori CNN telekanaliga.

Foto: AP

Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainaning Kursk viloyatidagi hujumiga qaramay, Ukraina shimoli-sharqi va janubida, xususan Zaporijjyada «faol jangovar operatsiyalarni» davom ettirmoqda. Bu haqda 15 avgust kuni Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining (MXK) strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi CNN telekanaliga ma’lum qildi

«Bizga ayonki, (Rossiya prezidenti Vladimir) Putin va rossiyalik harbiylar ba’zi resurslarni, ayrim bo‘linmalarni Kursk viloyatiga o‘tkazmoqda», - deya ta’kidladi Kirbi. Biroq, bu Kreml Ukraina shimoli-sharqi va janubidagi frontlarda operatsiyalardan voz kechganini anglatmaydi, dedi u. 

Kursk viloyatini himoya qilish uchun har biri kamida 1000 kishidan iborat bir nechta brigadalar frontdan ko‘chirilgan bo‘lishi mumkin, deya aniqlik kiritdi kanal manbalari.

Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni general Aleksandr Sirskiy 12 avgust kuni Ukraina tuzilmalari Rossiya hududining 1000 kvadrat kilometrga yaqin hududini nazorat qilayotganini da’vo qilgandi. 

Moskva Kursk mudofaasini asosan tayyorgarlikdan o‘tmagan harbiy xizmatchilar bilan mustahkamlamoqda 

AQShning yuqori martabali amaldori va Yevropa razvedkasi yuqori martabali vakili CNN telekanaliga Kiyevning asosiy maqsadi Putin uchun «strategik dilemmalar» yaratish ekanini aytdi. Biroq, qisqa muddatda bir necha ming kishini frontdan chaqirib olish Rossiya Qurolli kuchlari uchun muammo tug‘dirmaydi, deya qo‘shimcha qildi kanal suhbatdoshlari. 

G‘arb razvedkasi ma’lumotlari bilan tanish bo‘lgan boshqa ikki manbaga ko‘ra, Rossiya Ukrainadan Kurskka kattaroq, yaxshi tayyorlangan bo‘linmalarni ko‘chirishni rejalashtirmayapti. Suhbatdoshlardan birining so‘zlariga ko‘ra, Moskva Kursk mudofaasini asosan Rossiya boshqa mintaqalaridan kelgan, tayyorgarlikdan o‘tmagan harbiy xizmatchilar hisobiga kuchaytirayotgan ko‘rinadi. Rossiya Federatsiyasi, shuningdek, Leningrad harbiy okrugi va Kaliningrad harbiylarini mintaqaga yubordi, deya aniqlik kiritdi CNN.

«Biz hozircha jiddiy qo‘shinlar yuborilganini ko‘rmadik, va bu jarayon endigina boshlangani uchun sodir bo‘lmoqdami yoki ular bunga shunchaki kuchlari yo‘qmi, buni aniq ayta olmaymiz», — deb ta’kidladi telekanal manbasi. 

Razvedka ma’lumotlari bilan tanish bo‘lgan amerikalik va g‘arblik rasmiylar Ukraina Rossiya hududini Kursk viloyatida uzoq vaqt ushlab tura olmasligi to‘g‘risida ogohlantirgan.

Shu bilan birga, rasmiylar Kurskka eng tajribali tuzilmalarini yuborgan Kiyev o‘z frontini zaiflashtirishi mumkinligidan xavotir bildirdi, Moskva esa bundan foydalanishi mumkin. «Ularni (Ukraina kuchlarini) front chizig‘idan chalg‘itish Rossiyaga foyda beradi va yorib o‘tish imkoniyatini yaratadi», — deya qo‘shimcha qildi manba. 

The Economist: Kiyev Rossiya qo‘shinlarining Kurskka keng ko‘lamda o‘tkazilishini kutgandi 

Rossiya Xarkiv frontidan Kursk oblastiga qo‘shinlarni o‘tkazdi, biroq asosiy, Donbass yo‘nalishidan u yerga Kiyev xohlaganidan ancha kam kuch yuborildi. Bu haqda Britaniyaning The Economist nashri 11 avgust kuni manbalarga tayanib xabar berdi. 

«Ularning (Rossiya) qo‘mondonlari - ahmoq emas», dedi Ukraina Bosh shtabidagi manba. «Ular qo‘shinlarni harakatlantirmoqda, lekin biz xohlaganchalik tez emas. Ular bilishadiki, biz logistikani 80 yoki 100 kmdan ortiq masofaga cho‘zishimiz mumkin emas», - deya qo‘shimcha qildi u. 

The Economist suhbatdoshi Kursk yo‘nalishidagi dinamikani Ukrainaning 2022 yil oxirida Xarkiv oblasti katta qismini qaytarish bo‘yicha muvaffaqiyatli operatsiyasi bilan solishtirmaslikka chaqirdi. «Xavf shundaki, biz tuzoqqa tushib qolamiz va Rossiya tishimizni sindiradi», - deya qo‘shimcha qildi u. 

Ukrainaning Kursk viloyatidagi hujumi 

Ukraina Qurolli kuchlari 6 avgustdan beri Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatida keng ko‘lamli hujumni amalga oshirmoqda. 9 avgust kuni Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi. Kursk gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov 12 avgust kuni 120 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingani yoki hududni tark etganini aytdi.

11 avgust holatiga ko‘ra, «Liza Alert» qidiruv guruhi hududdagi jangovar zonada joylashgan aholi punktlarida odamlarni qidirish bo‘yicha kamida 200 ta murojaat olgan. 

Ayni paytda, «7x7» nashrining xabar berishicha, «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi «Sudja – Odamlarni qidirish» guruhi internetning Rossiya segmentida Bosh prokuratura tomonidan bloklangan. U boshqa IP-manzillarda mavjud. 

Mavzuga oid