Mandat chiqdi – talabalikka tavsiya etilgan va etilmaganlar nimalarni bilishi kerak?
Kim qayerga o‘qishga kirgani aniq bo‘lgach, talabalar yotoqxonaga joylashish, kontrakt narxlari ma’lumotlarini izlashni boshlaydi. Talabalikka tavsiya etilmaganlarda esa super-kontraktda o‘qish shartlari va narxlari qanday degan savollar paydo bo‘ladi. Kun.uz shu kabi muhim ma’lumotlarni bir joyga to‘pladi.
Kontrakt narxlari aniqmi?
Ha, aniq. Iyul oyida 2024/2025 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari tasdiqlangan. Unga ko‘ra, kontrakt miqdorlari o‘rtacha 15 foiz oshirilgan. Bakalavriatda pedagogika yo‘nalishida o‘qish shartnomasi qiymati 7,4 mln, tibbiyotda 10,5 mln, huquq va xalqaro iqtisodiy munosabatlarda 11 mln 250 ming so‘m deb belgilandi.
Shuni ham inobatga olish kerakki, moliyaviy mustaqillik berilgan davlat OTMlari to‘lov-kontrakt miqdorlarini mustaqil belgilash huquqiga ega. Misol uchun, oldinroq Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida kontrakt miqdori oshirilgani haqida ma’lum qilingan edi. Unda 2024/2025 o‘quv yilida 1-bosqich talabalari uchun kontrakt stipendiyasiz – 29 mln 428 ming so‘m, stipendiyali – 35 mln 642 ming so‘m etib belgilangandi.
Super-kontraktchilar nima qiladi?
Yo‘nalishlar kesimida o‘tish ballari e’lon qilindi. Bu super-kontraktchilar uchun muhim. Ya’ni super-kontrakt asosida o‘qish niyati bo‘lganlar ballari super-kontraktning 4 balli arzon turiga mos kelish yoki kelmasligini bilib olishlari mumkin.
Agar abituriyentning balli qabul kvotasidagi ballga juda kam yetmay qolgan bo‘lsa, kamroq, aksincha, ko‘p yetmagan bo‘lsa, ko‘proq pul to‘laydi.
Amaldagi qonunga ko‘ra, to‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga:
1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — 1,5 barobar;
1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,0 barobar;
2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,5 barobar;
3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun — 3,0 barobar miqdorida to‘lov qilib o‘qishi mumkin.
Minimal balldan (bu yil 56,7 ball) kam to‘plamagan, lekin qabul kvotasiga 4,05 balldan ortiq yetmagan abituriyentlar uchun yo‘nalishlariga qarab super-kontrakt miqdori bazaviy kontraktning bir necha barobari ko‘rinishida belgilanadi. Ya’ni agar abituriyent 56,7 balldan ko‘p to‘plagan, biroq o‘tish balliga 4,05 balldan ko‘proq yetmay qolgan bo‘lsa, unda shunaqa miqdordagi pulni to‘lab talaba bo‘lish imkoniga ega bo‘lgan. Agar abituriyent minimal ballni ham to‘play olmagan bo‘lsa, unda unga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan eng yuqori kontrakt miqdorining 2 baravarini to‘lab talaba bo‘lish huquqi beriladi.
Bir abituriyent o‘rniga boshqasi kirsa bo‘ladimi?
Kvota doirasida talabalikka qabul qilingan, biroq o‘qishni xohlamagan abituriyentlarning o‘rni bo‘sh qoladi. Bilimlarni baholash agentligi matbuot xizmatidan aniqlashtirilgan ma’lumotga ko‘ra, o‘qimaydigan, lekin talabalikka qabul qilingan abituriyentdan keyingi test topshirganlar yuqoriga ko‘tarilmaydi. Agar qabul chizig‘idan pastdagi abituriyentlar talaba bo‘lishni xohlasa, unda super-kontrakt variantini tanlashiga to‘g‘ri keladi.
Birinchi yo‘nalishga “super” qilish imkoni beriladimi?
2022 yilda Davlat qabul komissiyasi qaroriga ko‘ra, abituriyent o‘zi tanlagan birinchi yo‘nalishga kira olmagan, lekin 2-, 3-, 4- yoki 5-yo‘nalishlardan biriga o‘qishga kirgan bo‘lsa, o‘z xohishi bilan birinchi tanlagan yo‘nalishida super-kontraktda o‘qishiga ruxsat berilgandi.
Bu istisno 2-, 3- yoki 4-yo‘nalishga taalluqli emas. Ya’ni beshinchi yo‘nalishga o‘qishga kirgan abituriyent ikkinchi yoki to‘rtinchi yo‘nalishni tanlab, super-kontrakt qila olmaydi, faqat birinchi yo‘nalishga qilishi mumkin bo‘ladi.
1-kurslar uchun yotoqxona qachon beriladi?
Talabalarning yotoqxonaga onlayn ariza berishi 1 avgustdan boshlangan edi. Dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar talabalar turar joylariga qabul qilinadi. Shundan so‘ng umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar soniga nisbatan navbat asosida quyidagicha taqsimlanadi:
· 1-kurs talabalari uchun 55 – 65 foiz;
· 2-kurs talabalari uchun 15 – 20 foiz;
· 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20–25 foizgacha ajratiladi
Talabalar davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalar turar joyiga joylashish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali elektron ariza yuborishlari mumkin. Agar talabaning arizasi qanoatlantirilmay, yotoqxonaga joylasha olmasa ham, unga ijara pullari qoplab beriladi. 1-kurslar uchun shartnoma bo‘lmasa ham, sentabr-oktyabr oylarining ijara pullari to‘lab beriladi.
Bundan tashqari, har bir OTMda talabalarga ijara topish va yotoqxonaga joylashishga yordam beradigan maxsus markazlar ish boshlagan.
Hamma uchun umumiy eslatma: Talabalikka qabul qilinganlar eng avval o‘zlari topshirgan OTM rasmiy sahifalarini topib kuzatib borishlari – eng to‘g‘ri variant. Har bir OTMga oid eng so‘nggi yangiliklar ularning rasmiy sahifalarida berib boriladi. Bundan tashqari, super-kontrakt asosida talaba bo‘lishni rejalashtirayotgan abituriyentlar uchun ham OTMga oid yangiliklarni kuzatib borish foydali.
Mavzuga oid
21:42 / 22.12.2024
O‘zbekistonda o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish boshlandi
13:50 / 21.10.2024
Hindiston O‘zbekiston OTMda onlayn smart-auditoriyalarni tashkil etishi mumkin
15:23 / 21.09.2024
“Qo‘lingdan bitta jaket sotvolish kelmaydimi, uyatsizlar...” - TDPUda forma kiymagan talabalar bosimga uchradi
14:49 / 21.09.2024