Iqtisodiyot | 21:12 / 19.08.2024
6286
3 daqiqa o‘qiladi

Notarif cheklovlar fonida: Maishiy texnika importi keskin qisqardi

2024 yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga konditsioner importi 51 foizga, sovitkich va muzlatkichlar importi 35 foizga, mikroto‘lqinli pech importi 13 foizga, dazmol importi 46 foizga, televizor importi 43 foizga qisqarib ketdi. 1 fevraldan boshlab maishiy texnika mahsulotlari importi qiyinlashtirilgan edi.

Foto: ClimStore

Bojxona qo‘mitasi O‘zbekistonga eng ko‘p import bo‘layotgan tovarlarga oid ma’lumotlar bazasini ishga tushirdi. Kun.uz ochiqlangan ma’lumotlarni o‘rgangan holda, ayrim turdagi elektrotexnika mahsulotlarining importi sezilarli miqdorda kamayganiga e’tibor qaratdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yilning yanvar-iyul oylarida 556,8 mln dollarlik elektrotexnika mahsulotlari import qilingan. Bu guruhdagi tovarlar importi o‘tgan yilga nisbatan 1,7 foizga qisqargan.

Xususan, o‘tgan yilning dastlabki 7 oyida 43,8 mln dollarlik 281 ming 193 dona konditsioner olib kirilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich qiymat jihatdan 14,8 mln dollarga, miqdor jihatdan 137 ming 297 donagacha kamaygan. Miqdoriy qisqarish 51,2 foizni tashkil qilgan.

Sovitkich va muzlatkichlar importi esa 35,4 foizga: 185 ming 426 donadan 119 ming 805 donagacha qisqargan.

Yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga 128 ming 690 dona mikroto‘lqinli pech import qilingan bo‘lib, bu – o‘tgan yilning mos davri (147 ming 821 dona)ga nisbatan 19 ming 131 donaga kam. Qisqarish – 13 foiz.

Shuningdek, bu davrda dazmol importi 45,8 foizga (597 ming 387 donadan 323 ming 440 donaga), televizor importi 43,3 foizga (153 ming 125 donadan 86 ming 771 donaga) kamaygan.

Ayni paytda, kir yuvish mashinalari importi 16,5 foizga (159 ming 626 donadan 186 ming 64 donagacha), elektr suv isitkichlari olib kirish esa 2,2 foizga (87 ming 234 donadan 89 ming 160 donacha) oshgan.

Nega import keskin qisqardi?

2024 yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga 127,7 mln dollarlik maishiy texnika mahsulotlari import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davrida 176,3 mln dollarni tashkil etgan. Kamayish – 27,5 foiz.

2024 yil 1 fevraldan boshlab O‘zbekistonga 13 turdagi maishiy texnika olib kirishda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari bo‘lish talabi qo‘yilgandi. Ro‘yxatga quyidagilarga kiritilgan:

  • alyumin radiator;
  • suv isitish qozoni;
  • suv isitkich;
  • bug‘ qozoni;
  • changyutgich;
  • kir yuvish mashinasi;
  • sovitkich, muzlatkich;
  • televizor, monitor;
  • maishiy gaz pechi;
  • duxovka, pechka;
  • mikroto‘lqinli pech,
  • dazmol;
  • suv qaynatgich;
  • konditsioner;
  • suv nasosi.

Shuningdek, fevral oyidan boshlab O‘zbekistonga olib kiriladigan sovitkich, muzlatkich va konditsionerlar energosamaradorlik bo‘yicha sinovdan o‘tkazila boshlandi. Bu sinov bayonnomasini olmasdan turib, ularga muvofiqlik sertifikati berilmaydi va tovarni O‘zbekistonda sotish mumkin bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yildan buyon bir qator elektrotexnika mahsulotlari uchun bojlar o‘rnatilgan. Boj miqdori, masalan, konditsionerlar uchun 30 foizni tashkil etadi.

Mavzuga oid