O‘zbekiston | 16:19 / 20.08.2024
5689
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident biznes uchun to‘siqlarni qisqartirish borasida takliflar berdi

1 noyabrga qadar aholining hayoti va sog‘lig‘iga haqiqiy xavf soluvchi mezonlar reyestri ishlab chiqiladi, reyestrda yo‘q mezon bo‘yicha tadbirkor faoliyatini to‘xtatgan mansabdor javobgarlikka tortiladi. Soliq to‘lamaganlik uchun tadbirkorga jinoyat ishi qo‘zg‘atishga asos bo‘ladigan miqdor 2 baravar – 200 mln so‘mgacha oshiriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev biznes vakillari bilan ochiq muloqotda tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatishga asos bo‘ladigan qonunbuzilish holatlari darajasi belgilanmaganini ta’kidladi. Oqibatda arzimagan kamchiliklar bilan ham tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatib qo‘yish holatlari kuzatilmoqda.

«Shu bois, 1 noyabrga qadar aholining hayoti va sog‘lig‘iga haqiqiy xavf soluvchi mezonlar reyestri ishlab chiqiladi. Reyestrda yo‘q mezon bo‘yicha tadbirkor faoliyatini to‘xtatgan mansabdor javobgarlikka tortiladi», - dedi prezident.

Shuningdek, muloqotda tadbirkorlarni jinoiy javobgarlikka tortishni yanada liberallashtirish muhimligi aytildi.

«Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, degan jinoyat turi bor. Bunda tadbirkor to‘lamagan soliq 100 million so‘mdan oshsa, jinoyatchi bo‘lib qolmoqda. Shu bois, soliq to‘lamaganlik uchun tadbirkorga jinoyat ishi qo‘zg‘atishga asos bo‘ladigan miqdorni 2 baravargacha oshirish taklif qilindi», - dedi davlat rahbari.

Bundan tashqari, ko‘chmas mulk buzilishi bo‘yicha kompensatsiya to‘lashda haligacha muammolar borligi qayd etildi.

Hozirda ushbu xarajatlar viloyat budjeti hisobidan qoplanyapti. Lekin ayrim viloyatlar budjetida mablag‘ kam qolayotgani uchun tadbirkorning pulini qoplab berish 5-6 yilga cho‘zilib ketyapti.

«Endilikda yer savdosidan tushgan mablag‘lar avvalo buzilishlar bo‘yicha tadbirkorlardan qarzni so‘ndirishga qaratiladi, - dedi prezident.

Mavzuga oid