Jamiyat | 10:59 / 21.08.2024
5186
3 daqiqa o‘qiladi

Turmush o‘rtog‘ini o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazgan yana bir erkak 9 yilga qamaldi

Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi erkak muntazam ravishda turmush o‘rtog‘i hamda voyaga yetmagan farzandlarini ruhiy va jismoniy azoblab kelgan. Sudda pedagog ishtirokida so‘roq qilingan bolalar dadasi onasini doim urib, ishlab pul topib kelish uchun ko‘chaga haydaganini aytishgan. 

Urgut tumanida turmush o‘rtog‘ini o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazgan erkak jinoiy jazoga tortildi.

Kun.uz tanishib chiqqan sud hujjatlarida keltirilishicha, fuqaro A.M. 2013 yilda D.N. bilan qonuniy nikohdan o‘tib, oila qurgan. Ularning uch farzandi bo‘lgan.

A.M. 2022 yildan 2024 yil yanvar oyi boshiga qadar arzimagan narsalardan janjal chiqarib, voyaga yetmagan farzandlari ko‘z o‘ngida turmush o‘rtog‘ining sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib kelgan. U mast holatda ayolini ayovsiz kaltaklab, qiynab, unga rahmsiz muomalada bo‘lgan hamda jismoniy va ruhiy azob bergan. Bunga chidamagan ayol 2024 yil 2 yanvar kuni soat 22:30 larda yashash uyining hovlisidagi daraxtga ro‘moli yordamida o‘zini osib, vafot etgan.  

Bundan tashqari, A.M. o‘sha kuni turmush o‘rtog‘ining o‘z joniga qasd qilganlik holatiga oydinlik kiritish uchun kelgan uning qarindoshlari bilan janjallashib, pichoq yordamida ikki kishiga tan jarohati yetkazgan.

Sudda pedagog ishtirokida so‘roq qilingan bolalar otasi ularni ham muntazam kaltaklab kelganini aytishgan.

Dadam doim mast bo‘lib kelib onamni urib-do‘pposlardi. O‘zini kasalman deya onamni urib, ishlab pul topib kelish uchun ko‘chaga haydardi. 2024 yilga o‘tar kechasi ham dadam aroq ichib kelib, janjal chiqardi va onamni urdi. Ertasi kuni amakim ham onamni haqoratlab, tepdi. Shundan so‘ng onamning mazasi bo‘lmadi. Bu haqda dadamga aytdi, biroq dadam shifokor chaqirmadi.

Dadam onamdan tashqari bizlarni ham doim kaltaklab kelgan. Hatto kichik ukam yig‘laganida uni ham urardi”, deya ko‘rsatma bergan erkakning farzandlari. 

Sud A.M.ni Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi “a” bandi (moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lgan shaxsni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish), 104-moddasi 2-qismi “b, l” bandlari (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) va 109-moddasi 2-qismida (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topgan. Unga nisbatan 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Oldinroq Bekobodda 5-qavatdan tushib ketib vafot etgan ayolning eri 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. U ikki bor himoya orderi berilganiga qaramay turmush o‘rtog‘ini muntazam urib, azoblab kelgan.

Mavzuga oid