Jahon | 20:54 / 22.08.2024
3765
7 daqiqa o‘qiladi

Demokratlar qurultoyining uchinchi kuni: «murabbiy» Uolz va «mustaqil saylovchi» Opra Uinfri

Foto: Getty Images

Demokratik partiyaning Chikagodagi milliy qurultoyining oxirgidan oldingi kunida g‘alabali muhit hukmronlik qildi. Kamala Harrisning sherigi sifatida tanlangan Tim Uolz ilk bor vitse-prezident sifatida mamlakat qarshisida chiqish qildi. Shuningdek, Demokratik partiyaga a’zo bo‘lmagan, lekin Donald Trampga qarshi bo‘lgan qator mashhur shaxslar, jumladan teleyulduz Opra Uinfri ham so‘zga chiqdi.

AQShning sobiq prezidenti Bill Klinton Demokratik partiya qurultoyi chog‘ida Kamala Harris va Donald Tramp o‘rtasidagi tanlov yaqqol ko‘rinib turgani haqida gapirdi.

«2024 yilda bizda, menimcha, ancha oson tanlov bo‘ladi, — degan u. — Men ulardan qaysi biri mamlakatim uchun [prezident sifatida] ko‘proq ma’qul bo‘lishini bilaman».

Uning so‘zlariga ko‘ra, Harris amerikaliklarning muammolarini hal qilishga va ularning har birida «o‘z orzusini amalga oshirish imkoni borligi»ga ishontirishga qodir.

Klinton ortidan sahnaga Vakillar palatasi sobiq spiker, Demokratik partiyaning «cho‘qintirgan onasi» deb hisoblanadigan Nensi Pelosi (uning pozitsiyasi Jo Bayden saylov poygasidan chiqishga qaror qilishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgani aytiladi) ham ko‘tarildi.

Pelosi Bayden-Harrisning ma’muriyatini «zamonaning eng muvaffaqiyatli jamoalaridan biri» deb atadi. «Men bilamanki, vitse-prezident Harris bizni yangi cho‘qqilarga olib chiqishga tayyor», — degan u.

Qurultoy sahnasida Demokratik partiyadagi boshqa nufuzli figuralar ham ko‘rinish berdi. Vitse-prezidentlikka asosiy favoritlardan biri sanalgan Pensilvaniya gubernatori Josh Shapiro (so‘zamolligi va xarizmasi tufayli partiyada unga «Barux Obama» laqabini berishgan) shaxsiy erkinlik mavzusini ko‘tardi, ta’lim, reproduktiv huquqlar va haqiqiy saylovlarga alohida e’tibor qaratdi.

«Byulletenda faqat Kamala va Timning nomlari yozilgan bo‘lishi mumkin, lekin o‘rtaga bizning huquq va erkinliklarimiz tikilgan», — degan u.

Chikagodagi qurultoyda kutilmaganda taniqli teleboshlovchi Opra Uinfri ham paydo bo‘ldi. So‘nggi yillarda u siyosatdan uzoqlashgandi.

2007 yilda u o‘shanda ko‘pchilikka taniqli bo‘lmagan Barak Obamaning prezidentlik uchun nomzodini qo‘llab-quvvatlagandi, ammo keyingi saylovlarda demokrat nomzodlardan hech birini, jumladan 2020 yilda Bayden va Harris juftligini ham tashviqot qilmaydi.

Biror partiyaga mansub bo‘lmagan ayol Chikagoda saylovchilarga murojaat qilib, ularni bu safar demokratlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

«Sizning qarshingizda saylovlarda qayta va qayta ovoz berishdan faxrlanadigan mustaqil saylovchi turibdi, chunki men amerikalikman va amerikaliklar shunday qilishadi», — degan Uinfri.

U demokratlarni bu saylovda o‘rtaga erkinlik tikilganini yodda tutishga chaqirgan. «Siz mamlakatimizga ularning nuqtayi nazari bilan qarashingizni istaydigan odamlar bor. Ular siz kitoblar xavfli, shturm miltiqlari xavfsiz ekaniga ishonishingizni istaydigan odamlar. Ammo biz birga bo‘lganimizda, bizni yengib bo‘lmaydi», — degan Opra Tramp va tarafdorlarini nazarda tutib.

O‘rta g‘arbdan bo‘lgan odam

Oqshom kulminatsiyasi Minnesota gubernatori, oldindagi saylovlarda vitse-prezidentlikka nomzod sifatida qatnashishga rozilik bildirgan Tim Uolzning nutqi bo‘ldi.

«AQSh vitse-prezidentligi nomzodligini qabul qilish men uchun sharaf, — degan u chiqishi davomida. — Biz barchamiz bu oqshom oddiy va ajoyib sabab tufayli yig‘ildik: biz bu mamlakatni sevamiz».

O‘z nutqida u Kamala Harrisga «ishonch va ushbu aqlbovar qilmas kampaniyada ishtirok etishga taklif», AQSh prezidenti Jo Baydenga — «to‘rt yillik yetakchilik» uchun minnatdorchilik bildirgan.

«Kim bo‘lishingizdan qat’i nazar Kamala Harris siz xohlagan hayotda yashash erkinligingizni himoya qiladi», — degan Uolz.

U Nebraskadagi «400 kishilik aholiga ega shaharchada» kechgan bolaligini eslab, o‘z qo‘shnilariga g‘amxo‘rlik qilishga o‘rgatilganini aytgan.

«Minnesotada biz qo‘shnilarimiz va ularning shaxsiy tanlovlarini hurmat qilamiz», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Uolz Minnesota gubernatorligiga birinchi bor 2018 yilda saylangan. Undan oldin 12 yil mobaynida Kongressda ishlagan.

BBC’ning Shimoliy Amerikadagi muxbiri Entoni Zurkerning qayd etishicha, Uolzning chiqishi ko‘proq Amerika futboli bo‘yicha o‘rta maktab jamoasi murabbiyi saylanishiga o‘xshab ketgan — buning ajablanarli tomoni ham yo‘q, Uolz o‘tmishda murabbiy bo‘lib ishlagan.

Uning chiqishidan oldin sahnaga u mashg‘ulotlarda yordam bergan jamoa o‘yinchilari guruhi chopib chiqqan, ulardan ayrimlari o‘zlarining eski maktab futbolkalarida edi.

Bu Uolz uchun o‘zini xalqqa tanitish uchun birinchi muhim imkoniyat bo‘ldi va u murabbiy imiji Amerika jamoatchiligiga manzur bo‘lishiga ishonmoqda.

Nutqi yakunida Uolz o‘yinlar vaqtida o‘z futbolchilarini ruhlantirayotgandek ohangda so‘zladia: «Hozirda o‘yinning so‘nggi choragi o‘tmoqda. Biz bir ochko ortdamiz. Ammo biz hujum qilamiz. Va bizda g‘alaba qozonish uchun to‘g‘ri jamoa bor!»

Partiyadagilar uning O‘rta g‘arbdagi kichik shaharchadan chiqqan oddiy amerikalik sifatidagi imiji betaraf va konservativ saylovchilarni jalb qilishi mumkin deb hisoblamoqda.

Kamala Harris Uolzni o‘z sherigi sifatida e’lon qilishi bilanoq respublikachilar unga tashlanishgandi. Ular u gubernator lavozimida konservativlarcha ishlamagani, balki butunlay liberal siyosat yuritganiga e’tibor qaratishdi. Buning ortidan rafiqasi bepushtlikdan da’volangani haqida haqiqatni oshkor qilmagani (u Gven Uippl bilan 1994 yilda turmush qurishgan, yetti yil farzandsizlikdan keyin EKO orqali farzandli bo‘lishgan), shuningdek Minnesota Milliy gvardiyasidagi lavozimi to‘g‘risida yolg‘on gapirganini haqida ma’lumotlarni tarqatishdi.

Hozircha respublikachilarning ayblovlariga demokratlarning tarafdorlari e’tibor qaratmayapti. Ammo partiya strateglari aslida so‘rovlar nomzodlarning imkoniyatlari teng ekanini ko‘rsatayotgan holatda ham demokratlar o‘z g‘alabasiga haddan tashqari ko‘p ishonayotganidan xavotirlanmoqda.

Ertami kechmi Donald Tramp Harrisga qanday hujum qilish yo‘lini o‘ylab topdi va shunda saylov poygasi ancha murakkablashadi, deya qayd etadi Entoni Zurker.

Mavzuga oid