O‘zbekiston | 17:11 / 22.08.2024
4580
4 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi yangi qonunni qabul qildi

Hujjat loyihasi parlamentga kelib tushgani, ko‘rib chiqilayotgani, qabul qilingani va Senatga yuborilgani haqida jamoatchilik xabardor bo‘lmagan. Palata matbuot xizmatining Kun.uz'ga izohlashicha, loyiha palata kengashining qarori bilan jonli efirdan tashqarida, alohida majlisda ko‘rib chiqilib, qabul qilingan.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 20 avgust kungi yalpi majlisida “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborilgan.

E’tiborlisi, bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar bermagan. Yalpi majlisning YouTube'dagi efiridan ham bu qonun muhokamasi o‘rin olmagan. Shunday qonun qabul qilingani haqida “Xalq so‘zi” gazetasining 21 avgust kungi sonida ikki og‘iz so‘z ketgan, xolos.

Xabarda yozilishicha, “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasida davlat sirlarini himoya qilish sohasidagi organlarning vakolatlari, maxfiylik darajalari, ma’lumotlarni maxfiylashtirish muddatlari, davlat sirlaridan foydalanishga ruxsatnoma berish kabi masalalar belgilab berilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan davlat sirlariga kiritilgan ma’lumotlarning 4 ta toifadan iborat chegaralangan ro‘yxati tasdiqlanmoqda. Maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar ro‘yxati belgilanmoqda. Unga ko‘ra, favqulodda vaziyatlar, jinoyatchilik holati, inson huquklari buzilishi va shu kabi boshqa ma’lumotlar maxfiylashtirilishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda.

Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, davlat sirlariga doir qonun loyihasi 20 avgust kuni palata kengashining qarori bilan jonli efirdan tashqarida, alohida majlisda ko‘rib chiqib, qabul qilingan. Nima uchun bunday qilinganiga izoh berilmadi. Shuningdek, quyi palata matbuot xizmati bu haqdagi rasmiy xabar palata rasmiy saytiga joylanganini bildirdi, lekin bu xabar, shu kuni ko‘rilgan boshqa qonunlar haqidagi xabarlardan farqli ravishda, Qonunchilik palatasining Telegram-kanaliga joylanmagan.

Ma’lumot uchun, amaldagi “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi qonun 1993 yilda qabul qilingan. Qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish haqida topshiriq prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil iyuldagi ochiqlikka doir farmonida keltirilgan. Unga ko‘ra, “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida” qonun loyihasi 2021 yil avgustigacha ishlab chiqilishi lozim edi.

Lekin, hujjat shu kunga qadar jamoatchilik uchun ochiqlanmadi. 2021 yil dekabr oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov “bir yoki ikkita idoraning qonun loyihalari bo‘yicha e’tirozlari borligi uchun qolib ketayotgani”, e’tirozlar bartaraf etilgach, loyihalar, albatta jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini aytgan edi.

Amalda esa “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqish jarayonida ham, Qonunchilik palatasida muhokamasi davomida ham jamoatchilik uchun ochiqlanmadi.

Yuqorida eslab o‘tilgan prezident farmoniga ko‘ra, qonunda quyidagilar nazarda tutilishi kerak:

  • cheklab qo‘yilgan axborotlar ro‘yxatiga kirmaydigan ma’lumotlarni maxfiylashtirishni taqiqlash;
  • cheklab qo‘yilishi fuqarolarning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan axborotlarning davlat sirlariga kiritilishini man etish;
  • fuqarolar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning davlat xizmatchilari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar bilan ishda foydalanishga ijozatni rasmiylashtirish shartlari va tartiblari;
  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi va ilg‘or tendensiyalarni hisobga olgan holda davlat sirlarini saqlashning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish va takomillashtirish.

Mavzuga oid