O‘zbekiston | 07:27 / 22.08.2024
17428
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda doimiy aholi soni har kuni qanchaga oshayotgani ma’lum bo‘ldi

Respublika aholisining o‘rtacha yoshi 28,5 yosh bo‘lgan. 

Foto: Kun.uz

Doimiy aholi soni har kuni o‘rtacha 1,8 ming kishiga oshayotgani ma’lum qilindi. 

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning 1 iyul holatiga respublikaning doimiy aholisi 37 134,2 ming kishini tashkil etgan. Doimiy aholi soni o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 2,1 foizga oshgan.

O‘zbekiston aholisi 2024 yilning har bir oyida o‘rtacha 55,7 ming kishiga oshgan. 2024 yilning har bir kunida doimiy aholi soni o‘rtacha 1,8 ming kishiga ko‘paymoqda.

Aholining qariyb 18 million 696 ming nafari erkaklar, 18 million 437 ming nafari ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatning shahar aholisi soni 18,9 million kishini, qishloqlardagi aholisi 18,2 million kishini tashkil etadi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, respublika aholisining o‘rtacha yoshi 28,5 yosh bo‘lgan. 

Doimiy aholi sonining eng ko‘p ulushi Samarqand viloyatida qayd etilgan – 4 million 249 ming nafar. Bu butun O‘zbekiston aholisining 11,4 foizi degani. Shuningdek, Farg‘ona (4,1 million kishi), Qashqadaryoda (3,6 million kishi), Andijon (3,4 million kishi) va Namangan (3,1 million kishi) viloyatlarida nisbatan ko‘p aholi istiqomat qiladi.

Doimiy aholisi sonining ulushi eng kam hudud Sirdaryo viloyati bo‘lib, u yerda 922,1 ming kishi yashamoqda. Navoiy (1,1 million kishi), Jizzax (1,5 million kishi), Xorazm (2 million kishi) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (2 million kishi) nisbatan kam aholi istiqomat qiladi.

Mavzuga oid