Jahon | 09:09 / 22.08.2024
5734
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp suiqasddan keyin birinchi marta ochiq havoda chiqish qildi

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp nutq so‘zlagan tribuna atrofiga o‘q o‘tkazmaydigan oynalar o‘rnatildi.

Foto: Julia Nikhinson / AP / Scanpix / LETA

21 avgust, chorshanba kuni AQSh sobiq prezidenti va oliy davlat lavozimiga da’vogarlik qilayotgan respublikachi nomzod Donald Tramp Shimoliy Karolina shtati Eshboro shahrida suiqasddan so‘ng birinchi ochiq saylovoldi mitingini o‘tkazdi. Suiqasd sodir etilgan kundan boshlab uning barcha ommaviy chiqishlari faqat bino ichida bo‘lib o‘tgandi.

Tramp nutq so‘zlagan tribuna atrofiga o‘q o‘tkazmaydigan oyna o‘rnatilgan. Sobiq prezident nutqi o‘rtasida miting ishtirokchilaridan biri jazirama tufayli o‘zini noxush his etgan, shundan so‘ng Donald Tramp sahnadan turib ayolga tibbiy yordam ko‘rsatishni so‘radi, himoya oynasi ortidan chiqib, tarafdorini olomon olqishlari ostida quchoqlagan.

Shimoliy Karolinadagi chiqishi chog‘ida Tramp Demokratik partiyadan raqibi, AQSh vitse-prezidenti Kamala Harrisni yana tanqid qilib, uni AQSh prezidentligiga nomzod bo‘lgan «eng radikal so‘l shaxs» deb atadi. «Agar o‘rtoq Kamala noyabr oyida g‘alaba qozonsa, uchinchi jahon urushi amalda muqarrar», - deya Donald Tramp so‘zlarini keltiradi AFP. 

Donald Trampga suiqasd

AQSh sobiq prezidenti 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatining Batler shahrida saylovoldi tashviqoti mitingida yaralangan edi. 20 yoshli yigit siyosatchiga qarata o‘q uzgan. O‘q Trampning qulog‘ining tepa qismiga tegdi. 

Otishma natijasida 50 yoshli miting ishtirokchisi halok bo‘ldi, yana ikki kishi yaralandi. Hujumchi xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan. Ko‘plab dunyo yetakchilari suiqasdni qoralab, hamdardlik bildirdi. 

AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid