Jahon | 21:32 / 23.08.2024
6023
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli yangi sanksiyalarni joriy qildi

Sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya harbiy-texnik majmuasi, shuningdek, yoqilg‘i-energetika va metallurgiya sohalari bilan aloqador kompaniyalar kiritilgan.

Foto: AFP/Getty Images

23 avgust kuni AQSh Rossiya va xorijdagi jami 400 yuridik va jismoniy shaxsga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi. AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ro‘yxatga «mahsulot va xizmatlari Rossiyaga Ukrainadagi harbiy sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga imkon beradigan» 60 dan ortiq Rossiya mudofaa texnologiya kompaniyalari kiritilgan.

«Rossiya o‘z iqtisodiyotini Kremlning harbiy-sanoat kompleksi xizmati vositasiga aylantirdi. Moliya vazirligi bugungi harakatlari bilan prezident Bayden va uning G7 bo‘yicha hamkasblari tomonidan Rossiya harbiy-sanoat bazasining ta’minot zanjirlari va to‘lov kanallarini buzish bo‘yicha olgan majburiyatlarini bajarishda davom etmoqda», dedi AQSh Moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyyemo.

Sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiyaning yoqilg‘i-energetika va metallurgiya tarmoqlari, moliya sektori va Rossiya harbiy-sanoat kompleksi uchun ikkimaqsadli mahsulotlar yetkazib berish bilan bog‘liq kompaniyalar kirdi. Yangi cheklovlar Rossiya uchun muhim neft va gaz loyihalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishiga umid bildirilmoqda.

Jumladan, sanksilar ro‘yxatiga «Ekropromstroy» MChJ («Novatek» shu’ba korxonasi), «Mejregionstroy» MChJ («Rosneft» kompaniyasining «Vostok Oyl» loyihasi uchun obektlar quradi) va «Yakutskaya toplivno-energeticheskaya kompaniya» («Yakutiya SPG» loyihasi uchun mas’ul) kiritildi.

Sanksiyalar, shuningdek, Rossiyaning «SDS Ugol», «UK Mechel-Mayning», «Stroyservis» kabi yirik ko‘mir eksportchilariga, shuningdek, «Rosatom»ning ikkita shu’ba korxonasi nisbatan qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, Rossiya harbiy tadqiqot institutlari, uchuvchisiz uchish apparatlari va elektronika ishlab chiqaruvchilari, shuningdek, Rossiya harbiy-sanoat kompleksi ehtiyojlariga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar egalari va rahbariyati bilan birga sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Sanksiyalar BAA, Honkong, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Xitoyning sanksiyalarni chetlab o‘tib, Rossiyaga mikroelektronika yetkazib bergan ko‘plab vositachilarini, Rossiya harbiy-sanoat kompleksini, shu jumladan Su qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqaruvchiga G‘arb komponentlarini yetkazib berish bilan ta’minlaydigan shaxslarni ham qamrab oladi.

Bundan tashqari, Rossiya va Belarusga eksport ustidan nazorat ham kuchaytirilmoqda va bu mamlakatlardagi kompaniyalarning raqamli boshqariladigan mashinalar uchun dasturiy ta’minotga kirishini cheklamoqda. Rossiya, Xitoy, Eron, Turkiya, BAA, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlardan sanksiyalarni buzganlikda gumon qilingan 131 ta kompaniya eksport litsenziyalash bo‘yicha qat’iy talablar qo‘yiladigan kompaniyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Shuningdek, sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousovning o‘g‘li Pavel Belousov ham kiritilgan. Bundan tashqari, cheklovlar amaldorning kelini Yevgeniya Belousovaga ham ta’sir qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qo‘shma Shtatlarning Rossiyaga nisbatan iyun oyida e’lon qilingan avvalgi sanksiyalar to‘plami ham Rossiyada, ham xorijda, jumladan, Osiyo, Yaqin Sharq, Yevropa, Afrika, Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlarda 300 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga qarshi qaratilgan edi.

Mavzuga oid