Jahon | 15:40 / 23.08.2024
16727
4 daqiqa o‘qiladi

AQShda prezidentlik poygasi: ustunlik kim tomonda? Amerikalik tahlilchi bilan suhbat

Amerikada prezidentlik sayloviga 2,5 oy qoldi. Amaldagi prezident poygadan chiqqan, uning o‘rniga vitse-prezident Kamala Harris prezidentlik uchun kurashmoqda. Respublikachilar esa uchinchi marta Donald Tramp nomzodini ilgari surishmoqda. Kun.uz saylov jarayonlari haqida amerikalik siyosatshunos Jyeyms Durso bilan suhbat uyushtirdi.

Dursoning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ikkala ikki nomzodning imkoniyatlari teng. Ayrim so‘rovlarda Harris 2-3 foizga, yana ayrim so‘rovlarda esa Tramp 5 foizgacha oldinda bormoqda. Amerikaliklarga Trampning migratsiya haqidagi va’dalari yoqyapti. Nomzodlardan tashqari, partiyalarning rolini ham e’tirof etish kerak, ular jamoatchilik fikrini burish uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qilmoqda, deydi u.

Siyosatshunosning fikricha, Jo Baydenning poygadan chiqishi debatdagi muvaffaqiyatsiz ishtirok yoki Pensilvaniya shtatida o‘qqa tutilgan Tramp voqeasi bilan bog‘liq emas. Baydenning asosiy muammosi sog‘ligida, unda Parkinson yoki shunga o‘xshash kasallik rivojlanayotgan bo‘lishi mumkin. Partiya liderlari bilan ichki kelishuv bo‘lib, tomonlar Bayden muddatining oxirigacha prezident bo‘lishi borasida kelishib olgan. Ommaga esa uning kasalligi aytilmayapti, deydi Durso.

Tahlilchi, shuningdek, Kamala Harrisning vitse-prezident sifatida biror bir katta masalada o‘zini ko‘rsatmaganini qayd etdi.

“Barak Obama davrida uning vitse-prezidenti bo‘lgan Bayden Ukraina, Iroq va Afg‘onistonga mas’ul bo‘lgan. Lekin Baydenning o‘zi Harrisga muayyan bir katta vazifa yuklamadi. Unga mehribonlik qilib yubordi. Harris hozircha aniq biror ish qilgani yo‘q”, – deydi Jyeyms Durso.

Siyosiy tahlilchi Tramp va Baydenning prezidentlik yillari qanday kechgani haqida gapirdi. Uning fikricha, Tramp davrida AQShning iqtisodiy holati ancha yaxshi bo‘lgan. Demokrat prezident boshqaruvida esa eng qiyin nuqta iqtisodiyatda bo‘ldi: inflatsiya va narx-navoning oshishi tanqidlarni ko‘paytirdi. Yana bitta katta salbiy nuqta – Ukrainadagi urush. AQSh urushga ta’sir o‘tkazgan asosiy davlat bo‘lib, Bayden Ukrainani sulh tuzishga ko‘ndirishi kerak edi, deydi tahlilchi.

Amerikalik suhbatdoshimizga ko‘ra, AQShda prezident almashinuvi Markaziy Osiyo bilan aloqalarga ta’sir qilmaydi.

“AQSh Markaziy Osiyoga ikki nuqtadan qaraydi: biri – Afg‘onistonning qo‘shnisi, ikkinchisi esa – Rossiya va Xitoy ta’siri ostidagi mintaqa. O‘tgan yillarda Si Jinping O‘zbekiston, Qozog‘istonga bordi, Putin esa mintaqa davlatlariga o‘z uyidek kelib ketmoqda. Rossiya bilan Markaziy Osiyo mustahkam biznes, madaniy, oilaviy aloqalarga ega. AQShning biror prezidenti hali bu davlatlarga tashrif bilan bormagan. Vashington bu boradagi pozitsiyasini o‘zgartirishidan umidvorman”, – deydi Durso.

Shohrux Majidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid