O‘zbekiston | 12:09 / 23.08.2024
9692
2 daqiqa o‘qiladi

Diyora Keldiyorova Ijtimoiy himoya milliy agentligi maxsus vakili etib tayinlandi

Diyora Keldiyorova Ijtimoiy himoya milliy agentligining gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlandi. Bu haqda agentlik direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ma’lum qildi.

Foto: Shahnoza Mirziyoyeva / Instagram

“Bugun biz Diyora Keldiyorovani Ijtimoiy himoya milliy agentligining Gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlash orqali O‘zbekiston tarixida yangi sahifa ochdik. Bu qaror qog‘ozdagi gap emas, balki jamiyatimizdagi chuqur ijobiy o‘zgarishlar ramzidir”, deb yozdi u.

Qayd etilishicha, Keldiyorovaning olimpiadadagi g‘alabasi ilg‘or o‘zgarishlar uchun katalizator bo‘lib, butun dunyoga O‘zbekistonning teng imkoniyatlar va hadsiz salohiyatlar mamlakati ekanini namoyish etadi. Diyora dzyudo bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasidagi ilk Olimpiya chempioni sifatida o‘z nomini tarix sahifasiga yozib ulgurdi va endi u butun bir avlodni ortidan ergashtira oladi.

“Diyora zamonaviy o‘zbek ayolining serqirraligi — mehribon qiz, sodiq rafiqa, hurmatga munosib kelin, shu bilan birga, mamlakatimizni jahon arenasida muvaffaqiyatli namoyon etayotgan Olimpiada chempioni timsoli. Uning maxsus vakil sifatidagi yangi vazifasi O‘zbekistondagi barcha ayollar uchun an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlagan holda istalgan sohada cho‘qqiga chiqishi mumkinligiga o‘ziga xos chorlov bo‘la oldi”, deydi Shahnoza Mirziyoyeva.

Mavzuga oid