Tejamkor uy endi orzu emas: Energiya uchun to‘lovni ikki barobar kamaytiring
Xonadoningizda yonib turgan chiroq, ishlayotgan konditsioner, televizor, kir yuvish mashinasi va boshqa bir qator texnikalarning sarflayotgan energiyasi uchun doimiy tarzda pul to‘lamay, ularni bepul ishlatish imkoni bor. BMTTDning “O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” loyihasi energotejamkor xonadonlarni barpo etish orqali bunga erishish mumkinligini ma’lum qildi.
Kundalik hayotda har bir xonadonda yozda uylarni isitish, qishda esa sovitish va boshqa maishiy ehtiyojlar uchun katta miqdorda elektr energiyasi talab etiladi. Bu, o‘z navbatida, shu kabi ehtiyojlar uchun sarflangan energiya to‘lovlariga ko‘p mablag‘ ketishini anglatadi.
Yuqori daromadli oilalarda elektr energiyasi xarajatlarning o‘rni deyarli sezilmasligi mumkin, biroq narxlar va foydalanishga cheklovlar oshayotgan bir pallada o‘rta daromadli xonadon egalari uchun elektr toki to‘lovlari turli qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi turgan gap. Ayni shunday vaziyatda energiya tejamkor uylar o‘rta daromadli oilalar mushkulini oson qilishda samarali yechim bo‘ladi!
Energiya tejamkor xonadonlar energiya sarfini 2 baravar kamaytiradi
Energiya tejamkor uy bu – innovatsion dizaynga ega, quyosh panellari, issiqlik nasoslari kabi qurilmalar o‘rnatilgan, devorlari izolyatsiyalangan turar joy binosidir. Bu turdagi uylarning o‘ziga xosligi shundaki, ular oz miqdorda energiya sarflaydi, tok bilan o‘zini-o‘zi qoplaydi, issiq suv tizimi bilan ta’minlangan bo‘ladi va ichkaridagi issiqlikni tashqariga chiqarib yubormaydi.
“Uyimizda qancha issiqlik ishlatamiz va izolyatsiya bilan qancha energiyani tejashimiz mumkin, degan savol vujudga kelishi mumkin. Bizda quvvatga qarab Vatt, jahon standartlarida esa kilovatt soat, ya’ni energiyaga qarab belgilanadi. Aholimiz taxminan 23-28% energiyani iste’mol qilsa, 13-18% energiyani jamoat binolari iste’mol qiladi. Ya’ni 40% energiyani o‘z ichiga oladi. Binolar bir yilda 200-400 orasida energiya iste’mol qiladi.
Agar issiqlik izolyatsiyasi bilan ta’minlansa, uylar to‘g‘ri qurilsa (qaysi tarafga qarab qurilishi, oynalar o‘lchami, quyosh tushishi) bu ko‘rsatkichni ikki barobarga kamaytirsa bo‘ladi. Uylarda yiliga 150 kVt sarflansa, to‘g‘ri izolyatsiya qilinganda buni 70-60 kVt/soatgacha tushirish mumkin. Hozirgi energoresurslarning oshish tendensiyasida bu 2-3 yilgacha o‘zini oqlaydi.
Ilgari izolyatsiya materiallari ancha qimmat edi, hozirgi paytda ishlab chiqarish korxonalari ko‘paygan va narxlar arzonlashgan”, deydi mutaxassis Sarvar Qurbonov.
Izolyatsiya – sun’iy isitish va sovitishga ehtiyojni kamaytirish
Xonadonlarning energiya tejamkorligiga erishish uchun, birinchi navbatda, ularni izolyatsiya qilish talab etiladi. Uyingizni to‘g‘ri izolyatsiya qilish uning energiya samaradorligini oshirishning eng qulay usullaridan biridir. Xonadoningiz yaxshi izolyatsiyalangan bo‘lsa, u yozda salqinroq, qishda esa issiqroq bo‘lib, sun’iy isitish va sovitish yechimlariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi. Uyingizning dizayniga qarab, siz shiftni, devorlarni va hatto, pol tagini izolyatsiya qilishingiz mumkin. Eski yoki yangi bo‘lishidan qat’i nazar, ham qanday uni bemalol izolyatsiya qilish mumkin. Uyni izolyatsiya qilish shovqin va namlikni kamaytirishga ham yordam beradi.
Xonadonda issiqlik izolyatsiyasini o‘rnatish uchun mineral jun, polistirol, poliuretan kabi materiallardan foydalaniladi. Ular uyning devorlari, tomlari va polida issiqlikni saqlab qolish uchun qo‘llanadi.
Tomlarni izolyatsiya qilish uy ichidagi issiqlikning yo‘qotilishini bartaraf etadi, Tomlar uchun ko‘pincha mineral jun, ekspandirovanniy polistirol (EPS), yoki poliuretan ko‘pigi ishlatiladi.
Devorlarni izolyatsiyalashda esa devor ichiga yoki tashqi yuzasiga izolyatsion materiallar joylashtirilishi mumkin. Xonadonni izolyatsiya qilishda malakali mutaxassislar bilan maslahatlashish va sifatli materiallardan foydalanish muhimdir. Izolyatsiyani to‘g‘ri amalga oshirish xonadonning qulayligini orttiradi, atrof-muhitga bo‘lgan zararli ta’sirini minimallashtiradi, energiya xarajatlarini ham kamaytiradi.
Derazalar orqali energiya tejash mumkin
Xonadonlarning energiya tejamkorligini oshirishda derazalar va pardalar muhim ahamiyatga ega. Derazalar issiqlikning uyimizdan chiqib ketishidagi asosiy vositalardan biridir, shu sabab qishda xonadonni isitish uchun ishlatiladigan energiyaning bir qismi behuda sarflanadi. Aytish joizki, katta derazalar yozda uyingizning isib ketishiga sabab bo‘ladi. Ular orqali xona ichida hosil bo‘ladigan ortiqcha issiqlikni derazalar ustiga tomchalar o‘rnatish orqali kamaytirish mumkin.
Agar derazalar kichikroq bo‘lsa, yozda uyga quyosh nuri ko‘p tushmaydi va uy juda qizib ketmaydi. Bu konditsionerga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi va energiya sarfini qisqartiradi.
Uyning energiya tejamkor bo‘lishi uchun derazalarning aksariyati janubga qarab o‘rnatilishi lozim. Sababi yorug‘lik energiyasining taxminan 90% shisha derazalar orqali kirib, xonani isitadi. Bu esa qishning qahratonida biroz bo‘lsa-da, havoni mo‘’tadillashtirishga ko‘maklashadi.
Pardalar – isitish tizimi yoki konditsionerga ehtiyoj sezmasdan uyingizdagi haroratni mo‘’tadil saqlashning noyob usuli sanaladi. Kunning eng issiq soatlarida pardalarni yoyish yoki jalyuzilarni pastga tushirish quyosh nurining xona ichiga kirishini qaytaradi. Bu yoz oylarida uyingizni salqin saqlashga yordam beradi. Qishda esa parda va jalyuzilar derazalaringizdan tashqariga issiqlik chiqib ketishining oldini oladi va xonadon ichida harorat iliq bo‘lib turishini ta’minlaydi.
Energiya tejamkor uylarning qo‘shimcha afzalliklari shundaki, bu turdagi xonadonlarda namlikni nazorat qilish, ventilyatsiya, shovqindan himoya qilish tizimi ham yaxshi rivojlangan bo‘ladi.
Quyosh energiyasi bilan tejash
Xonadonda energiya sarfini kamaytirishning eng muhim usullaridan yana biri bu - quyosh energiyasidan foydalanishdir. Bunda quyosh panellari, quyosh suv isitgichlarini o‘rnatish tavsiya etiladi. Quyosh panellari quyoshdan tushayotgan yorug‘likni issiqlikka aylantirish orqali xonadonni tok bilan ta’minlasa, quyosh suv isitgichlari uyni tabiiy ravishda issiq suv bilan ta’minlab beradi va jarayonda elektr energiyasi sarfi sezilarli darajada kamayadi.
Shuningdek, xonadonning energiya tejamkorligini oshirishda muhim sanaladigan yana ikki layfxakni eslatib o‘tamiz:
Birinchi layfxak - uyingizning ichki devorlarni ochiq ranglarda bo‘yash xonalarning yorug‘ bo‘lishini ta’minlaydi. Bu kun davomida elektr chiroqlarini yoqish zarurati va energiya sarfini kamaytiradi.
Ikkinchi layfxak esa rozetkalar bilan bog‘liq, maishiy texnika va qurilmalarni ishlatmayotganimizda rozetkaga ulangan holda qoldirish orqali biz har yili juda ko‘p energiya sarflaymiz. Shubhasiz, muzlatgich kabi ba’zi jihozlar doimo elektr tarmog‘iga ulangan bo‘lishi kerak, lekin televizor va mikroto‘lqinli pechlarni rozetkalarga muntazam tarzda ulab qo‘yish talab etilmaydi. Qurilmadan foydalanmayotganingizda uni elektr tarmog‘idan uzib qo‘yish zarur.
Subsidiyalar foydali imkoniyatlar taqdim etadi
Xonadonlarni energiya tejamkor shaklda rekonstruksiya qilish yoki qurish uchun Birlashgan Millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi doirasida subsidiyalar taqdim etiladi.
Bunda:
- Quyosh panellari va akkumulyatorlar uchun erkaklarga 30%, ayollarga 32,5 %;
- Quyosh suv isitgichlari uchun erkaklarga 25%, ayollarga 27,5 %;
- Issiqlik nasoslari uchun erkaklarga 25%, ayollarga 27,5 % ;
- Ikki qavatli oyna romlari uchun erkaklarga 15%, ayollarga 17,5 %;
- Uch qavatli oyna romlari uchun erkaklarga 25%, ayollarga 27,5 %;
- Tashqi devorlar issiqlik izolyatsiya qoplami uchun erkaklarga 35%, ayollarga 37,5 % miqdorida subsidiya beriladi.
Subsidiya mablag‘larini qo‘lga kiritish haqidagi to‘liq ma’lumotlarni quyidagi manzil orqali olishingiz mumkin:
Hozirda global issiqxona gazlarining 40 foizi binolardan chiqmoqda. Bu, albatta, kichik ko‘rsatkichlar emas. Energiya tejamkor xonadonlar energiya iste’molini kamaytirish orqali atmosferaga chiqadigan uglerod gazlari miqdorini qisqartiradi, bu esa iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda muhim omil hisoblanadi.
Bundan tashqari, energiya tejamkor xonadonlar nafaqat iqtisodiy va ekologik jihatdan foydali, balki ular yashash sharoitlarini yaxshilashga ham sezilarli hissa qo‘shadi. Bu turdagi uylar zamonaviy yashash standartlariga javob beradi va energiya resurslari bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni bartaraf etish imkonini yaratadi.
Mavzuga oid
15:43 / 02.12.2024
Olimlar inson tanasidan chiqadigan issiqlikni elektr energiyasiga aylantirishni o‘rgandi
20:16 / 19.08.2024
Issiqlik nasoslari – yozda ham, qishda ham kamxarajat, xavfsiz va samarali yechim
13:39 / 08.08.2024
Olimlar: 2024 yil yana rekord darajada issiq bo‘lishi mumkin
17:50 / 10.06.2024