O‘zbekiston | 10:45 / 23.08.2024
3702
2 daqiqa o‘qiladi

“Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” AJga moliyaviy jarima qo‘llandi

Tenderda buyurtmachi sifatida ishtirok etgan bu tashkilotning 2,8 mlrd so‘mdan ortiq o‘tgan savdolarida raqobat qonunchiligi buzilgani aniqlangan. Shu yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, AJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llangan, kelgusidagi harakatlari uchun ko‘rsatmalar berilgan.

Raqobat qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi 2024 yil davlat xaridlari sohasidagi o‘rganish natijalarining bir qismi bilan bo‘lishdi.

Unga ko‘ra, “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” AJ tomonidan maxsus axborot portallari orqali jami 2,8 mlrd so‘mdan ortiq o‘tkazilgan tender savdolari bo‘yicha qonunchilik buzilgani aniqlangan.

Ya’ni buyurtmachi tashkilot, “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” AJga “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilganlik holati bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan hamda natijasi bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilingan.

Qayd etilishicha, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.

“Shuningdek, qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun tegishli tartibda sudga jo‘natildi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Avvalroq qo‘mita “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ va “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” MChJ Farg‘ona filiallari sotilgan chiptalardan vositachilik yig‘imi qiymati bo‘yicha iste’molchilardan 1,3 mlrd so‘m ortiqcha to‘lov undirganini aniqlab, bu ikki kompaniyani jarimaga tortgandi.

Mavzuga oid