Toshkentning qoq markazidan murojaat: Yosh bolalarimiz bor, qachongacha issiq suvsiz o‘tiramiz?
Navoiy shohko‘chasida, har biri 40 ta xonadondan iborat 6 ta uy aholisi salkam 2 oydan beri issiq suvsiz yashayapti. Avvalgi shirkatning qarzdorligi sabab qozonxona gazdan uzilgan. “Hududgazta’minot” pul to‘lanmaguncha, gaz berilmasligini bildirdi. Vaqtida to‘lov qiluvchi fuqarolar esa bundan norozi.
Kun.uz'ga Shayxontohur tumani Navoiy shohko‘chasi O‘qchi mahallasida yashovchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Ular salkam 2 oydirki, issiq suvsiz yashab kelmoqda.
Odamlarning aytishicha, murojaat qilmagan joylari qolmagan. Issiq suv ta’minoti umumiy isitish tizimiga ulangan bo‘lib, iyul oyi boshida gazni o‘chirishgani sabab ta’minot ham to‘xtagan.
“Bundan oldin ham tez-tez o‘chirib turishardi, ayniqsa qishning sovug‘ida. Endi oxirida aholining sabri qolmadi, taxminan 2 oy bo‘lib qoldi, haligacha na tushuntirish berishyapti, na sababini aytishyapti.
Yaqinda uyimiz pastidagi noturar joylarning gazdan va mol-mulk solig‘idan katta miqdorda qarzi sabab deb aytishdi. Noturar joylarning qarzi bo‘lsa, biz turar joydagi aholi nega qiynalishimiz, oylab issiq suvsiz o‘tirishimiz kerak? Agar aholining ham qarzi bo‘lsa, nega boshqa intizomli soliq to‘lovchilar jabr chekishi kerak? Nega har bir qarzdor bilan turarmi, noturarmi alohida shug‘ullanishmaydi? Nega ikki oy sukutda issiq suvni o‘chirib bemalol o‘tirishadi? Oddiygina tushuntirish yoki ogohlantirishni ham ep ko‘rishmayapti”,– deydi shaxsini oshkor qilishni istamagan fuqaro.
Yana bir yashovchiga ko‘ra, uylarning shirkati 2-3 marotaba almashgan. Avvalgi shirkat rahbarlari noto‘g‘ri ish olib borgani sabab ularga nisbatan jinoyat ishi ochilgan, deydi u.
“Xonadon egalari o‘z vaqtida to‘lashgan, ammo “JEK”, ya’ni boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan kerakli tashkilotlarga yo‘naltirilmagan. Bilishimcha, hozirgi kunda tashkilot rahbari qo‘lga olingan”, – deydi fuqaro.
Hozirda boshqaruv “Obod turmush hamkor” MChJga o‘tgan.
“Hammasi o‘zlaridan oldingilarga aybni to‘nkashadi, hozirgi uy-joy mulkdorlar shirkati esa ba’zida pastki qavatdagi tijoriy ijarachilarni: banklar, sartaroshxona, do‘konlarni aytishadi, ularning qarzdorligi sabab deb ertasiga o‘zlaridan oldingi shirkatni aybdor qilishadi. Hamma joyda har xil gap yuribdi. Ikki nafar yosh farzandim bor, ularning tagliklarini almashtirishga, cho‘miltirishga qiynalyapmiz”, – deydi yana bir yashovchi.
“2-3 oy vaqt berishsa, to‘lab berishimiz mumkin” – BSK
Vaziyat yuzasidan “Obod turmush hamkor” MChJ vakilining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, kompaniya markaziy qozonxonaning gazdan uzilgani sabab xonadonlarga issiq suv yetkazib berolmayapti.
“Biz [shu yil] 1 iyuldan boshlab billing tizimi orqali bu uylarni oldik, boshqaruv servis kompaniyamizga biriktirildi. Oldin bu xonadonlar “Quruvchi obod uy servis” va "Obodli uy kommunalchi” BSKlarda bo‘lgan, hozir shuning bir rahbari qamalgan, ikkinchisi yaqinda Rossiyadan tutib olib kelindi, hozirda tergov jarayoni ketyapti.
Oldingi shirkatning 1 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorligi bo‘lgan, aholining to‘lovlari olinib, pul to‘g‘ri yo‘naltirilmagan. Biz yaqinda shu uylarni olgan bo‘lsak, asosiy qarzdorligimiz 342 mln so‘mni tashkil qiladi. Har bitta uydan 20 tadan ortiq xonadonning qarzi bor, hammaga ogohlantirish tarqatganmiz. Shu kunga kelib bizning BSK aholidan pul yig‘ib, 85 mln so‘m qarzdorlikni so‘ndirdi. Lekin 1 mlrd so‘mni olib chiqolmaymiz.
Ayni vaqt Respublika "Hududgazta’minot" AJ tomonidan markazlashtirilgan kotyolga keladigan gaz uzib ketilgan. Biz AJga murojaat qildik, yoqib berolishmasligini aytishyapti. “Obod turmush hamkor” BSK nomidan ariza yozdik, 2-3 oyda qarzdorlikni so‘ndirib berishimizni, gazni yoqib berishlarini so‘radik, lekin 1 mlrd so‘mni to‘lashimizni aytishyapti”, – deydi kompaniya hisobchisi Dilfuza Ahmedxo‘jayeva.
Qarz qachon yopilishi noma’lum, ungacha odamlar gazsiz o‘tiraveradimi?
“Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmatiga ko‘ra, qarzdorlik yopilmaguncha markaziy ta’minot uchun gaz berilmaydi.
“Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 319-son qarori 2-ilova 3-bob 10-bandiga ko‘ra, gaz ta’minoti tashkiloti oldindan to‘lovni amalga oshirmagan hamda iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun qarzdorlik mavjud bo‘lgan hollarda iste’molchilarning gaz ta’minotini to‘xtatishga majbur. Qarzdorlik so‘ndirilgandan keyin iste’molchi tarmoqqa qayta ulanadi”, – deyiladi rasmiy izohda.
Eslatib o‘tamiz, ko‘p qavatli uylarning boshqaruv kompaniyalarga berilishi 2020 yilda tajriba tariqasida Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 110 ta uyda qonunchilikda belgilangan tartibda boshlangan edi.
Bu tajriba 2021 yilda barcha viloyat markazlari, Chirchiq va Angren shaharlarida davom ettirilib, 15 ta boshqaruv kompaniyasi tomonidan xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
2022 yildan boshlab bu tizim respublika bo‘yicha keng miqyosda joriy etilishi boshlangan. Shu yil yanvar oyida o‘tgan yig‘ilishda boshqaruv kompaniyalarining faoliyati qoniqarsiz ekani, 20 mingta ko‘p qavatli uylar aholisi ularning ishidan noroziligi bildirilgandi.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Mavzuga oid
16:35
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024