O‘zbekiston | 07:57 / 24.08.2024
1615
2 daqiqa o‘qiladi

Hududlarning master-rejalarini ishlab chiqish tizimi joriy etilmoqda

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Hududning master-rejasini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash  to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Prezident qaroriga muvofiq shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, hududlar qismlarining yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda hududiy va iqtisodiy rivojlanishini rejalashtirish hamda ularning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun master-rejalarni ishlab chiqish tizimi joriy etilmoqda.

Master-rejalar yoki batafsil rejalashtirish loyihalari hududlarning aniq muammolarini bartaraf etishga qaratilgan shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyihaviy yechimlarni o‘z ichiga oladi.

Hujjat bilan Hudud master-rejasini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:

  • hudud master-rejasini ishlab chiqishga qo‘yiladigan talablar;
  • master-rejani kelishish va tasdiqlash tartibi;
  • hudud master-rejasini moliyalashtirish manbalari.

Master-reja quyidagi hollarda ishlab chiqiladi:

  • hududning shaharsozlik hujjatlari mavjud bo‘lmaganda;
  • hududning tabiiy-iqtisodiy salohiyatidan yetarlicha foydalanilmaganda;
  • master-reja asosida bo‘sh yer uchastkasi auksionga qo‘yilganda;
  • qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va xo‘jalik maqsadidagi yerlar toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar tayyorlashda.

Batafsil rejalashtirish loyihasi, qurilish loyihasi va ushbu hududning dizayn-kodi bilan birga ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan master-reja shaharsozlik hujjati sifatida qabul qilinadi.

Shaharsozlik hujjati sifatida ishlab chiqilgan master-rejani tasdiqlash vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid