Meta: Eronlik hakerlar Bayden va Trampga yaqin shaxslar akkauntiga hujum qilishga uringan
Hakerlar AQSh, Isroil va boshqa mamlakatlardagi siyosatchilar bilan bog‘liq WhatsApp profillariga hujum qilishdi, deya xabar beradi Meta.
Eronning APT42 hakerlar guruhi (UNC788 va Mint Sandstorm nomi bilan ham tanilgan) bir qator G‘arb davlatlari va Isroildagi siyosatchilar, diplomatlar va jamoat arboblari, shuningdek, Eron va Falastin milliy ma’muriyatidagi huquq faollari bilan bog‘liq WhatsApp profillarini «o‘g‘irlashga» urindi. Bu haqda messenjerga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi 23 avgust, juma kuni ma’lum qildi. Hakerlarning ehtimoliy nishonlari orasida AQSh prezidenti Jo Bayden va sobiq prezident Donald Tramp ma’muriyatiga aloqador shaxslarning WhatsApp akkauntlari alohida ko‘rsatilgan.
Meta xabariga ko‘ra, hakerlar fishing usulini qo‘llagan – ular o‘zlarini turli xizmatlar (Meta nashrida AOL, Google, Yahoo va Microsoft tilga olingan) texnik qo‘llab-quvvatlash xodimlari sifatida ko‘rsatishgan va aldab, potensial qurbonning akkauntiga kirishga harakat qilishgan. Hujumga uchragan ba’zi odamlar ushbu shubhali xabarlar haqida WhatsApp texnik yordamiga xabar berishgan. Hakerlarning hujumlari muvaffaqiyatsiz tugadi, deya ma’lum qildi Meta.
Eron hakerlarining hujumlari AQSh prezidentlik saylovlariga aloqador
Google vakillari shu kabi hakerlik hujumlari haqida avgust oyi o‘rtalarida e’lon qilgan edi. APT42 Isroilning sobiq yuqori martabali harbiy amaldorlari va aerokosmik rahbari akkauntlarini nishonga olishga urinib, jurnalistik so‘rovlar niqobi ostida mamlakatning qo‘shni davlatlardagi nishonlarga bergan zarbalariga izoh berish uchun elektron pochta xabarlarini yubordi. Elektron pochta xabarlarida potensial qurbonning ma’lumotlarini to‘playdigan fishing resursiga olib keladigan qisqartirilgan havola mavjud edi.
Google ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida Qo‘shma Shtatlar va Isroilga barcha APT42 hujumlarining qariyb 60 foizi to‘g‘ri kelgan. Kompaniya xuddi Meta singari eronlik hakerlar faoliyatini AQShda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari bilan bog‘laydi. Shunday qilib, yaqinda sodir bo‘lgan hujumlar bo‘lajak saylovlarda demokratik nomzod bo‘lgan vitse-prezident Kamala Harrisning aloqalariga ham ta’sir qildi. Bundan tashqari, iyun oyida hakerlar Tramp saylovoldi shtabining ichki hujjatlariga kirish huquqiga ega bo‘lishdi.
Hujumlar soni ortib borayotgani haqidagi ma’lumotlarni AQSh Milliy razvedka xizmati, Federal tergov byurosi va Milliy xavfsizlik departamenti qoshidagi Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi tasdiqladi. «Eron bu yilgi saylovlarni milliy xavfsizlik manfaatlariga ta’sir qilishi nuqtayi nazaridan muhim deb hisoblaydi», - deyiladi idoralar qo‘shma bayonotida.
Mavzuga oid
19:06 / 22.12.2024
Asadning qulashi - Eron tashqi siyosatidagi muvaffaqiyatsizlik
14:52 / 20.12.2024
Eron O‘zbekistonning qator mahsulotlariga eksport uchun ruxsatnoma beradi
16:32 / 19.12.2024
O‘zbekiston Eron bilan qishloq xo‘jaligida hamkorlikni kuchaytiradi
19:15 / 15.12.2024