Telegram’ning sirli asoschisi – Pavel Durov haqida 5 ta fakt
Fransiyaning Le Figaro nashri Parij aeroportida hibsga olingan milliarder haqidagi ba’zi ma’lumotlarni keltirdi.
24 avgust kuni Parij aeroportida hibsga olingan Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov milliarder va erkinlikni sevuvchi rossiyalik dissidentdir. Bu haqda Fransiyaning Le Figaro nashri yozdi.
39 yoshli milliarder Ozarboyjondan Fransiyaga uchib kelganida hibsga olindi. Telegram o‘zining sirli xo‘jayini hibsga olingani haqida izoh berishdan bosh tortdi. Biroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vaziyatga «aniqlik kiritish» choralarini ko‘rayotganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, fransuz tergovchilari messenjer bilan bog‘liq turli xil qonunbuzilishlari sababli Durovni qo‘lga olgan.
Telegram asoschisi
Rossiyada tug‘ilgan Durov Telegram xabar almashish dasturining asoschisi va egasi hisoblanadi. Bu WhatsApp, Instagram, TikTok yoki WeChat kabi boshqa ijtimoiy tarmoqlar bilan raqobatlashadigan bepul platforma. U bir yil ichida oyiga 1 milliard faol foydalanuvchiga ega bo‘lishni maqsad qilgan.
Telegram Rossiya, Ukraina va sobiq sovet respublikalarida ta’sirga ega. Ijtimoiy tarmoq Rossiyaning Ukrainadagi urushi haqida asosiy ma’lumot manbaiga aylandi. Har ikki tomonning rasmiylari undan keng foydalanadi. Ayrim tahlilchilar dasturni «virtual jang maydoni» deb atadi.
O‘z erkinligini hamma narsadan ustun qo‘yadi
«Men kimnidir buyrug‘ini bajarishdan ko‘ra erkin bo‘lishni afzal ko‘raman», deb ishontirdi Pavel Durov aprel oyida amerikalik jurnalist Taker Karlsonni. 2014 yilda u Rossiya hukumatining «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi muxolifat jamiyatlarini yopish haqidagi talablarini bajarishdan bosh tortgach, vatanini tark etgan. Oxir-oqibat u mamlakatdan chiqib ketishdan oldin ijtimoiy tarmoqni sotdi. Shundan beri Rossiya va Fransiya matbuoti Durov 2021 yilda Fransiya fuqaroligini olganini da’vo qilmoqda.
Rossiya rasmiylarining bosimi tufayli shifrlangan messenjer xizmatini ishga tushirdi
Kamdan-kam intervyularidan birida Durov shifrlangan xabarlar xizmatini ishga tushirish g‘oyasi Rossiya rasmiylarining kuchli bosimidan so‘ng paydo bo‘lganini aytdi. 2017 yilda Dubayga joylashib olishdan oldin u Berlin, London, Singapur va San-Fransiskoda yashagan.
Moddiy boyliklarga ahamiyat bermaydi
Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 15,5 milliard dollarga baholangan. Ammo milliarder pul yoki bitkoinlardan tashqari, ko‘chmas mulk, samolyot yoki yaxtalar kabi muhim aktivlarga ega emasligiga ishontirmoqda. Sababi - «erkin bo‘lish» istagi.
Amerika texnologiya gigantlariga qarshi
Biznesmen Apple va Google korporatsiyalarini nafaqat ikkita raqib, balki, eng avvalo, so‘z erkinligi uchun ikkita eng katta tahdid deb biladi. «Ushbu ikki platforma siz o‘qishingiz mumkin bo‘lgan hamma narsani va smartfoningizda kirishingiz mumkin bo‘lgan barcha ma’lumotlarni senzura qilishi mumkin», dedi u aprel oyida AQSh matbuoti sahifalarida.
Durov avvalroq 12 mamlakatda 100 nafar farzandi borligini aytgan edi. U 15 yil avval bir do‘stining iltimosiga ko‘ra sperma donoriga aylanganini tan oldi. Avvaliga u bu taklifni hazil sifatida qabul qilgan.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:16 / 24.12.2024
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
20:13 / 24.12.2024
Rossiyada jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan farzandlari vatanga qaytarildi
18:22 / 24.12.2024