O‘zbekiston | 15:27 / 28.08.2024
7862
3 daqiqa o‘qiladi

Aktam Xaitov: Soliq qo‘mitasi biznesga ortiqcha to‘siq yaratgan taklifni muhokamalarsiz joriy qildi

27 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirok etayotgan partiyalar saylovoldi kampaniyasi doirasida asosiy maqsadlari va g‘oyalari to‘g‘risida fikr bildira boshladi.

Foto: O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi

Jumladan, asosiy elektorati tadbirkorlar bo‘lgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi raisi Aktam Xaitov Hukumat faoliyatiga baho berar ekan, Soliq qo‘mitasi faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

“Soliq kodeksining 221-moddasiga ko‘ra, kassa chekini bermaganlik va terminal orqali to‘lovlarni qabul qilishni rad etganlik uchun 5 million so‘m miqdorida jarima belgilangan. Bunda tadbirkorning toifasi (mikro, kichik, o‘rta, yirik), sotib olingan mahsulotning qiymati, kunlik tovaraylanma hajmi hisobga olinmagan. Masalan, chekka hududdagi kichik savdo do‘koniga ham, katta savdo tarmog‘iga ham bir xilda jarima qo‘llanilmoqda. Soliq qo‘mitasi tomonidan ushbu masala bo‘yicha biron-bir taklif bildirilmadi.

Yana bir masala. Soliq qo‘mitasi raqamlashtirish bahonasida biznesga ortiqcha to‘siq yaratgan taklifni muhokamalarsiz joriy qildi. Endi, hech narsa bo‘lmaganidek “E-aktiv” dasturidan osongina voz kechildi. Ungacha qancha tadbirkorlar qiynaldi. Nega Qo‘mita tashabbusni chuqur o‘ylamasdan ilgari suradi? Qo‘mita noto‘g‘riligini tan olib, xulosa chiqarishi kerak.” – deya ta’kidladi partiya lideri.

Shuningdek, Xaitov tadbirkorlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishda barcha tadbirkorlarga “yaxshi tanish” bo‘lgan Soliq kodeksining 2271-moddasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

“Aytishim kerakki, Soliq kodeksining mazkur moddasida belgilangan moliyaviy jarima miqdori tadbirkorlarimiz hafsalasini pir qilgan edi. Jarimaning haddan tashqari yuqori ekanligi ularning e’tirozlariga sabab bo‘lgandi. Shundan so‘ng partiya tashabbusi bilan mazkur modda qayta ko‘rib chiqildi. Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muhokamalardan so‘ng Soliq kodeksining ushbu moddasida ko‘zda tutilgan jarima miqdori hisobot choragida olingan sof tushumning 100 foizidan 2 foizga tushirildi”.

Haitov partiya birgina shu tashabbusi bilan bankrotlik yoqasidagi o‘n minglab tadbirkorlarni joniga oro kirganligini bildirdi.

Mavzuga oid