Jahon | 11:00 / 29.08.2024
3638
3 daqiqa o‘qiladi

Borrel isroillik ikki vazirga qarshi sanksiyalar taklif qildi

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Isroil vazirlari Betsalel Smotrich va Itamar Ben-Gvirga qarshi «nafrat uyg‘otish» bo‘yicha sanksiyalar joriy etishni taklif qildi. Ular G‘azo sektori aholisini insonparvarlik yordamidan mahrum qilishga chaqirgandi. 

Itamar Ben-Gvir Foto: Ilya Yefimovich / dpa / Global Look Press

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich va mamlakat milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga «nafrat qo‘zg‘atish» va «inson huquqlarini buzganlik» uchun sanksiyalar joriy etishni taklif qildi. Bu haqda dpa agentligi 29 avgust, payshanbaga o‘tar kechasi xabar berdi. Borrel taklifi Yevropa Ittifoqining 27 davlati tashqi ishlar vazirlari sammiti arafasida bildirilgan. 

Smotrich va Ben-Gvir Isroil Hamas guruhiga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazilayotgan G‘azo sektori aholisiga insonparvarlik yordami yetkazilishini to‘sishga chaqirdi. Ben-Gvir shu yo‘l bilan Hamasni taslim bo‘lishga undashga umid qilmoqda. Smotrich shundan so‘ng jangchilar isroillik garovga olinganlarni ozod qilishi mumkinligini bildirdi. Isroil moliya vaziri G‘azo sektorining qamal qilinishini, hatto ikki million aholi ocharchilikdan nobud bo‘lishini anglatsa ham, «axloqiy va asosli» deb atadi. 

Jozep Borrel Ben-Gvir va Smotrichga qarshi joriy qilishni taklif etayotgan sanksiyalar ularning Yevropa Ittifoqidagi aktivlarini muzlatish va Yevropa Ittifoqiga kirishini taqiqlashni nazarda tutadi. 

Avvalroq, Smotrich va Ben-Gvir Hamas bilan ehtimoliy sulhga keskin qarshi ekani ma’lum bo‘lgan edi. CNN telekanaliga ko‘ra, bunday sulhga tayyorlik signalini Isroilga avgust oyi o‘rtalarida Misr va Qatar vositachilari orqali guruhning yangi rahbari Yahyo Sinvar yetkazgan. 26 avgust kuni Reuters Qohirada Isroil va Hamas o‘rtasidagi muzokaralar natijasiz yakunlangani haqida xabar berdi. 

Yaqin Sharqdagi keskinlashuv

2023 yil 7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 40 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid