O‘zbekiston | 00:59 / 29.08.2024
26454
5 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘qituvchilar oyligi qachon ming dollarga yetishi haqidagi savolga javob berdi

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova o‘qituvchilarning oyligi qachon ming dollarga yetishi haqidagi savolga javob berdi. U hozirda 6 mingdan ortiq pedagog ustamalar bilan qo‘shgan holda shuncha maosh olayotganini aytdi. Vazir o‘rinbosari Temur Komilov ustozlarning hammasiga ming dollardan maosh to‘lanishini “utopiya” deb atadi.

28 avgust kuni Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 298-maktabda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda nima sabab pedagoglarning aksariyati hanuzgacha va’da qilingan ming dollarlik maoshni ololmayotgani, bu nimalar bilan bog‘liqligi borasida savol berildi. Vazir bunga javoban 6 mingdan ortiq o‘qituvchi shuncha summani olayotgani, bu raqam yildan yilga oshib borayotganini aytdi.

6 ming nafar o‘quvchi – tizimdagi jami o‘qituvchilarning 1,1 foizini tashkil etadi.

“Umuman o‘qituvchilarning oyligi oshishi biz uchun ham juda muhim. Va bu bo‘yicha hozirda Moliya vazirligi bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Bir narsaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchimanki, yaqinda toifa sinovlari bo‘lib o‘tdi. Xabarlaring bor, toifadan o‘tgan ustozlarimiz, umuman toifadagi farqlar orasidagi qo‘shimcha mablag‘lar, ya’ni oylik maosh ko‘tarilishi to‘g‘risida ham prezidentimizning topshiriqlari bo‘ldi, alohida ish olib borilyapti. Lekin bir narsani aytishim kerak, ming dollardan ortiq oylik olayotgan ustozlarimiz ham bor.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha talablar deymizmi, har bir sohaning KPI'lari bor, ya’ni bizda ham maktabgacha va maktab ta’limi tizimida ustozlarimizga bir qancha yo‘nalishlar qo‘yilgan. Misol uchun, agar toifasi yuqori bo‘lsa, oyligiga qo‘shimcha mablag‘ qo‘shiladi. Shu bilan birga, uzoq hududlarga borsa, 100 foiz ustama. Olimpiadaga o‘quvchilarni chiqargan bo‘lsa, unga ham qo‘shimcha ustama. Mana hozir ustozlar sertifikatsiyasiga ham mablag‘lar ajratilgan, yildan yilga xalqaro sertifikatlarga ega ustozlarimiz safi ko‘paymoqda.

Bir narsani aytishimiz kerak, vazir jamg‘armasi oldinlari bo‘lmagan, hozirda shu tizim ham yo‘lga qo‘yildi. Bu tizimdan, imtihonlardan shaffof o‘tgan ustozlarimizga har oyligiga 5 mln so‘m qo‘shimcha mablag‘ qo‘shiladi. Bu ham, albatta, rag‘bat. Bunda hech qanaqa chegara qo‘yilmagan, ming nafar yoki 2 ming nafar deb”, – deydi Umarova.

Anjumanda ishtirok etgan vazirning moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Temur Komilov nima sabab oyliklar kamligiga izoh berdi.

“Maktab va maktabgacha bo‘lgan pedagoglarning oyligini to‘lash uchun bir oyda 3,5 trln so‘m birinchi xarajatlar sifatida amalga oshiriladi. Hozir aytib o‘tilganidek, 6 mingga yaqin [pedagog] 10 mln so‘mdan ko‘proq maosh oladi. Bundan tashqari, hozir 3 mlndan 6 mln so‘mgacha olayotganlar 250 ming nafarga yaqinlashib qoldi. Hozir 3,4 mln so‘m chiqishi ham, boshqasi ham – nima sabab deganda, bir narsani inobatga olaylik, achchiq bo‘lsa ham [aytaman], ko‘pchilikka yoqmasa ham, 434 ming pedagogik stavkaga 537 ming nafar pedagog ishlab keladi. Bunisi ham bor, bular orasida o‘rta maxsuslar ham, nafaqadagilar ham ishlab keladi. Ya’ni sonidan kelib chiqqan holda 3,4 mln so‘m chiqishi yoki kimningdir oyligi kam chiqishi [mumkin], shuni ham inobatga olish kerak.

Lekin hamma birdek ming dollar oylik oladi degan narsa – utopiya. Bir nafar o‘qituvchining oyligini 1 mln so‘mga oshiradigan bo‘lsak, bir yilga 7 trln so‘mdan ziyod mablag‘ ketadi”, – dedi u.

Ma’lumot uchun, 2023/24 o‘quv yili boshida O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ta’lim berayotgan o‘qituvchilar soni 547,7 ming nafarni tashkil etgan.

2024 yilning birinchi yarmiga ko‘ra ta’lim sohasida ishlovchi xodimlarning o‘rtacha oylik nominal ish haqi 3,5 mln so‘mni ko‘rsatmoqda.

19 iyun kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda oliy va birinchi toifali o‘qituvchilarning oylik maoshlarini ko‘tarish taklif etilgan edi.

12 avgustdagi prezident farmoniga asosan, 1 sentabrdan boshlab pensiyalar va nafaqalar 15 foizga, 1 oktyabrdan e’tiboran esa budjet tashkilotlari xodimlarining maoshi 10 foizga, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining maoshi 15 foizga oshiriladi.

Mavzuga oid