Iqtisodiyot | 20:27 / 29.08.2024
6472
4 daqiqa o‘qiladi

Yirik energetika korxonalari soliq to‘lashni keskin kamaytirdi

7 oylik yakunlariga ko‘ra, soliq tushumlari “O‘zbekneftgaz”da 24 foizga, Buxoro neft zavodida 42 foizga, “Issiqlik elektr stansiyalari”da 2,2 barobarga, “Uz-Kor Gas Chemical”da 3,2 barobarga kamaygan. “Uzbekistan GTL”ning soliq to‘lovlari qanchaga kamaygani ma’lum emas, lekin qisqarish eng kamida 1,5 barobar bo‘lgan.

Foto: “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati

O‘zbekistonda ishlab chiqarish sohasida faoliyat olib boruvchi 65 ming 134 ta kompaniya tomonidan 2024 yil yanvar-iyul oylarida 23 trln 839 mlrd so‘m soliq to‘langan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,4 foizga ko‘p. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Hisobot davrida, NKMK va OKMKni inobatga olmaganda ishlab chiqaruvchilar orasida eng ko‘p soliqni “O‘zbekneftgaz” AJ to‘lagan – 2 trln 290,7 mlrd so‘m. Lekin bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,1 foizga kam. Taqqoslash uchun, 2023 yilning yanvar-iyul oylarida kompaniya to‘lagan soliqlar miqdori 3 trln 19,6 mlrd so‘m bo‘lgan.

2023 yil bilan taqqoslaganda, 7 oy davomida quyidagi davlat korxonalarning ham davlat budjetiga to‘lagan soliqlari miqdori sezilarli darajada qisqargan:

  • “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MChJda 707,8 mlrd so‘mdan 410,3 mlrd so‘mgacha yoki 42 foizga;
  • “Issiqlik elektr stansiyalari” AJda 816,4 mlrd so‘mdan 368,3 mlrd so‘mgacha yoki 2,2 barobarga;
  • “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJda 295,5 mlrd so‘mdan 198,4 mlrd so‘mgacha yoki 32,8 foizgacha;
  • “Uz-Kor Gas Chemical” MChJda 547,6 mlrd so‘mdan 170,5 mlrd so‘mgacha yoki 3,2 barobarga.

Shuningdek, o‘tgan yili yanvar-iyul oylarida 245,5 mlrd so‘m soliq to‘lagan “Uzbekistan GTL” zavodi, 196,2 mlrd so‘m soliq to‘lagan “Qizilqumsement” (xususiylashtirilgan), 141,7 mlrd so‘m soliq to‘lagan “O‘zbekko‘mir” 2024 yilning 7 oyi yakunlari bo‘yicha eng ko‘p soliq to‘lagan top-20 korxonalar ro‘yxatidan chiqib ketgan.

“Uzbekistan GTL” o‘tgan yilning 7 oyida 254,5 mlrd so‘m soliq to‘lagani, joriy yilda esa ishlab chiqaruvchilar top-20taligidagi so‘nggi korxona 129,3 mrld so‘m soliq to‘laganidan kelib chiqilsa, GTL zavodidan budjetga soliq tushumlari ham eng kamida 49,2 foizga kamaygani ayon bo‘ladi. Ma’lumot uchun, korxona joriy yilning 5 oyi davomida 101 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

Avvalroq bu zavod 2022 yilda dizel ishlab chiqarishni boshlashi ortidan O‘zbekistonga dizel importi kamayish o‘rniga, 7,3 barobarga ortgani ma’lum bo‘lgan edi.

Ta’kidlash kerakki, joriy yilda davlat budjetiga soliq to‘lovlarini keskin kamaytirgan korxonalarning aksariyati yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi tashkilotlar hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning birinchi yarmida davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 15 trln 351 mlrd so‘mni tashkil qilgan, shundan 70,2 foizi energetika sohasi uchun ishlatilgan.

2023 va 2024 yillarning 7 oyi yakunlari bo‘yicha Soliq qo‘mitasi taqdim etgan infografikalar

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlari asosida, Kun.uz tuzgan jadval

Mavzuga oid