Jahon | 20:36 / 30.08.2024
9902
3 daqiqa o‘qiladi

Mo‘g‘uliston Putinni hibsga olmaydi - Kreml

Mo‘g‘uliston Xalqaro jinoiy sud (XJS) orderi bo‘yicha Vladimir Putinni hibsga olmaydi, deya ma’lum qildi Rossiya prezidentining matbuot kotibi. RF rahbari 3 sentabr kuni Ulan Batorga boradi. Bu uning Xalqaro jinoiy sud orderidan keyin, Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlatga ilk tashrifi bo‘ladi.

Foto: TASS

Kremlda Vladimir Putinning Mo‘g‘ulistonga tashrifidan «xavotir» yo‘q, u Xalqaro jinoiy sud (XJS) orderi bo‘yicha hibsga olinmaydi. «Mo‘g‘ulistonlik do‘stlarimiz bilan munosabatlarimiz yaxshi», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Uning aniqlik kiritishicha, Putinning 3 sentabr kuni Mo‘g‘ulistonga tashrifi masalasi «alohida ishlab chiqilgan».

Putin o‘zini hibsga olishga order bergan XJS vakolatini tan olgan davlatga birinchi marta tashrif buyuradi. Mo‘g‘uliston 2000 yilda Rim statutini imzolagan va 2002 yilda uni ratifikatsiya qilgan. Xalqaro jinoiy sud 2023 yil mart oyida Rossiya prezidentini hibsga olishga order bergan.

Bloomberg agentligi Kremldagi vaziyat bilan tanish bo‘lgan ikki manbaga tayanib, Putin Mo‘g‘ulistonga tashrifi oldidan XJS orderi asosida hibsga olinmasligi haqida kafolat olganini yozdi.

2023 yil dekabr oyida mo‘g‘ulistonlik sudya birinchi marta XJS sudyasi bo‘ldi. Mo‘g‘uliston prezidentining ta’kidlashicha, birinchi mo‘g‘ul sudyasining XJS vakili bo‘lgani «mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va xalqaro tashkilotlarning Mo‘g‘ulistonga ishonchi oshgani va mustahkamlanganidan dalolatdir».

Hibsga olish uchun order chiqarilgandan beri Putin XJS vakolatini tan oladigan mamlakatlarga bormadi. 2023 yil iyul oyida Rossiya prezidenti BRICS sammitida ishtirok etmadi va Janubiy Afrikaga tashrifini bekor qildi. Janubiy Afrika Rim statutini ratifikatsiya qilgan va shuning uchun Putinni hibsga olish va uni Haagaga ekstraditsiya qilish majburiyati bor edi. Shu bilan birga, Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa muxolifatning XJS oldidagi majburiyatlarini bajarish talabiga javob berar ekan, Putinning hibsga olinishi Rossiyaga qarshi urush e’lon qilish sifatida baholanishidan ogohlantirganini aytdi.

2023 yil mart oyida XJS Vladimir Putinni Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda gumon qilib, hibsga olishga order bergan edi. Xuddi shunday order prezident huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham chiqarilgan.

Mavzuga oid