Sport | 23:04 / 30.08.2024
13930
3 daqiqa o‘qiladi

Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan yagona falastinlik sportchi «G‘azoda ham hayot borligini» ko‘rsatib qo‘ymoqchi

Joriy hafta boshida sportchilar Parijdagi Paralimpiya o‘yinlari ochilish marosimida ishtirok etdi. Ularning ko‘pchiligi guruh-guruh bo‘lib, jamoadoshlari va hamyurtlariga yelkama-yelka harakatlangan bo‘lsa, Fadi Aldib ismli sportchi yolg‘iz chiqish qildi.

Foto: Umit Bektas/Reuters

Qayd etilishicha, Fadi Aldib Parijda o‘tkazilayotgan Paralimpiya o‘yinlarida Falastin bayrog‘i ostida ishtirok etayotgan yagona vakil. Aldibning fikricha, u oldinlari o‘zini hozirgidek muhim ahamiyatga ega inson sifatida his qilmagan.

Sportchi vatanida Isroil va HAMAS o‘rtasida janglar ketayotgan bir paytda o‘yinlarda ishtirok etayotgani uchun o‘zini «baxtli» hamda «omadli» his qilayotgani, ammo burch tuyg‘usi qamrab olganini ta’kidladi.

«Bu rostdan ham juda ko‘p stress, juda ulkan mas’uliyat… Bu Falastin bayrog‘i — biz hamon tirikmiz, biz hali ham shu yerdamiz va Falastinda ham hayot borligini ko‘rsatmoqchimiz», — deydi Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan falastinlik yagona sportchi.

39 yoshli Aldib G‘azo sektorida tug‘ilgan bo‘lib, u nogironlik aravachasida yadro uloqtirish bo‘yicha bellashuvga kirishadi.

«Men bu yerga falastinlik sifatida, butun dunyoga Falastin mavjud ekanini, biz yo‘qolib ketmayotganimizni va G‘azoda ham, Falastinda ham insoniylikni qidirayotgan odamlar borligini ko‘rsatib qo‘yish uchun keldim», — deydi Aldib.

1995 yilda Milliy olimpiya qo‘mitasi Falastin Milliy olimpiya qo‘mitasini o‘z a’zosi sifatida tan olgan. Bir necha hafta oldin Parij-2024 Olimpiada o‘yinlarida falastinlik sakkiz nafar sportchi yengil atletika, taekvondo, o‘q otish, suzish, dzyudo va boks bo‘yicha ishtirok etdi.

Uydan uzoqda kechgan 10 yil

Aldib oxirgi marotaba G‘azodagi oilasi bilan bundan 10 yil oldin ko‘rishgan. Asli basketbolchi bo‘lgan Fadi Turkiya va Gretsiyaga ko‘chib o‘tgan, hozirda esa Fransiyada istiqomat qiladi. Ammo bu o‘z yurtida bo‘layotgan zo‘ravonliklar unga ta’sir ko‘rsatmaganini bildirmaydi.

2001 yili Falastinda yuz bergan isyonda Aldib o‘q yegan. O‘sha vaqtda u 18 yosh bo‘lgan va kelajagi porloq voleybolchi edi. 14 oy to‘shakka mixlangan sportchi ikkita shifoxonada o‘zini qayta tiklashga majbur bo‘lgan va shundan beri nogironlik aravachasida yuradi.

Aldib sport karerasini to‘xtatib qo‘ymagan. U 2004 yilda basketbol bilan, 2007 yilda esa yengil atletika bilan shug‘ullanib ko‘radi. «G‘azoda sog‘lom odamlar yashay olmayapti, imkoniyati cheklangan odamning yashashini qanday tasavvur qilasiz? Shu bois 10 yildan beri oilamni, ukalarim, singillarimni ko‘ra olganim yo‘q», — deydi u.

Mavzuga oid