Sport | 15:03 / 31.08.2024
4559
2 daqiqa o‘qiladi

“Yutug‘ingiz bizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi” – Prezident Paralimpiya sovrindorlariga qo‘ng‘iroq qildi

Shavkat Mirziyoyev Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tayotgan Paralimpiya o‘yinlarida oltin medallarni qo‘lga kiritgan Asila Mirzayorova va Qudratulla Ma’rufxo‘jayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Davlat rahbari boshqa sovrindor va ishtirokchi sportchilarga ham salom yo‘llab, muvaffaqiyatlar tiladi.

Prezident yengil atletikachilar Asila Mirzayorova va Qudratulla Ma’rufxo‘jayevni qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan O‘zbekiston nomidan tabriklab, ko‘rsatgan matonatlari uchun minnatdorlik bildirdi.

Bu mashaqqatli mehnatingiz samarasi. Jahon chempionatida oltin medal olganingizda menda juda katta ishonch paydo bo‘lgan edi. Umidimizni oqlaganingiz uchun katta rahmat, qizim. Bu katta yutuq. Sevimli qizlarim nimaga qodir ekanligini dunyoga namoyish etdingiz”, dedi davlat rahbari Asila Mirzayorova bilan suhbatda.

Shavkat Mirziyoyev chempionlarni qizg‘in tabriklab, mehrli so‘zlarini izhor qildi. Murabbiylari va ota-onasiga minnatdorlik bildirdi. Boshqa sovrindor va ishtirokchi sportchilarga ham salom yo‘llab, muvaffaqiyatlar tiladi.

Ma’lumot uchun, Asila Mirzayorova uzunlikka sakrashda 5,22 metr natija qayd etib, salkam 30 yil oldingi paralimpiya rekordini yangiladi. Qudratulla Ma’rufxo‘jayev esa yadro uloqtirish bahsida g‘olib bo‘ldi.

Mavzuga oid