Jahon | 00:09 / 01.09.2024
4799
2 daqiqa o‘qiladi

Florida kutubxonalarida Heminguey va Tolstoy asarlari taqiqlanayotgani ma’lum bo‘ldi

AQShdagi yirik kitob nashriyotlari va mualliflar Florida shtatini sudga berdi. Bunga o‘tgan yili ota-onalarning e’tirozi bilan maktablar kutuxonalaridan kitoblarni olib tashlashga ruxsat beruvchi qonun qabul qilingani sabab bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Yirik kitob nashriyotlari maktab kutubxonalarinida ayrim kitoblarning bo‘lishini taqiqlovchi qonun sabab AQShning Florida shtatini sudga berdi.

Penguin Random House va Simon & Schuster kabi nashriyotlar tomonidan kiritilgan da’vo arizasida qayd etilishicha, Florida qonuni mamlakat konstitutsiyasidagi Birinchi tuzatish bilan kafolatlangan so‘z erkinligi huquqini buzmoqda. Da’voda Mayya Enjyelou va Ernest Heminguey kabi taniqli yozuvchilarning ham kitoblari maktab kutubxonalaridan olib qo‘yilgani aytilmoqda.

Florida amaldorlari kiritilgan da’vo arizasiga munosabat bildirib, shtat kitoblarni taqiqlaganini rad etdi. «Floridada taqiqlangan kitoblar yo‘q. Ochiq jinsiy mazmundagi materiallar va qo‘llanmalar maktablar uchun mos emas», — deydi shtat ta’lim departamenti vakili Sidni Buker. 

Da’vo asosini Floridada o‘tgan yili qabul qilingan qonun loyihasi tashkil etmoqda — uning doirasida ota-onalar e’tiroz bildirgan ma’lum kitoblar maktablar kutubxonalaridan olib tashlanishi mumkin.

So‘z erkinligini himoya qiluvchi Pen America notijorat tashkilotiga ko‘ra, Floridada 2021 yil iyuldan 2023 yil dekabrga qadar 3135 ta kitob taqiqlangan — bu mamlakatdagi eng yuqori ko‘rsatkich. Maktablar kutubxonalaridan olib qo‘yilgan kitoblar orasida Ernest Hemingueyning «Motam qo‘ng‘irog‘i», Toni Morrisonning «Moviy ko‘zlar» va Lev Tolstoyning «Anna Karenina»si ham bor. 

Sudga kiritilgan da’vo arizasi orqali qonunga o‘zgartirish kiritish talab qilinmoqda. 

Mavzuga oid