Sport | 17:16 / 01.09.2024
2352
2 daqiqa o‘qiladi

Paralimpiya triatlon poygalari suv sifati yomonligi tufayli bir kunga kechiktirildi

Dastlab musobaqalar bugun, yakshanba kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, ammo Parijdagi kuchli yomg‘ir Sena daryosini sezilarli darajada ifloslantirdi, suv sifati xavfsiz suzish uchun belgilangan mezon talablariga mos kelmadi.

Foto: Maria Abranches / Reuters

Parij-2024 Paralimpiya o‘yinlaridagi para-triatlon musobaqalarining o‘tkazilishi Sena daryosidagi suv sifati yomonlashgani sababli 24 soat keyinga qoldirildi.

Xalqaro Triatlon Ittifoqining bayonotida keltirilishicha, tashkilot tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda daryodagi suv sifat jihatdan belgilangan xavfsizlik mezonlariga javob bermagan. Bu ko‘rsatkichlar, o‘z o‘rnida, musobaqa ishtirokchilari salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi sababli 11 ta kategoriya bo‘yicha o‘tkaziladigan triatlon poygalarining barchasi bir kunga kechiktirilgan.

1 sentabr kuni o‘tkazilishi belgilangan triatlon musobaqalarini ertaga —   2 sentabr sanasida tashkil etish rejalashtirilmoqda, ammo bu ham keyingi suv sinovlarining natijalariga bog‘liq. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, sportchilar sog‘lig‘i va xavfsizligi ustuvor vazifa hisoblanadi, shu sababli mas’ullar musobaqalarni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishda barcha ehtiyot choralarini hisobga olishmoqda.

Xuddi shunday holat roppa-rosa bir oy avval bo‘lib o‘tgan Parij olimpiadasi o‘yinlari davomida ham kuzatilib, triatlon musobaqalari kuchli yomg‘ir tufayli bir necha marta kechiktirilgan va tashkilotchilar uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan edi. Bu tajriba hisobga olinib, paralimpiya triatlon musobaqalarini tashkil etish uchun avvaldan rejalar tuzilgan edi, biroq ob-havo sharoiti kutilganidan oldinroq yomonlashgani va kuchli yog‘ingarchilik holati yuz bergani sabab bu safar ham o‘yinlarni kechiktirish zarurati tug‘ildi.

Ma’lumot o‘rnida, triatlon (uchkurash) — multisport turi bo‘lib, unda ishtirokchilar suzish, velopoyga va yugurish kabi uch bosqichdan iborat sport musobaqalari bo‘yicha bellashadi.

Mavzuga oid