O‘zbekiston | 16:37 / 01.09.2024
4308
6 daqiqa o‘qiladi

“Rekonstruksiya loyihasi uzog‘i 3 yilda o‘zini qoplaydi” - Toshkent xalqaro aeroporti direktori

“Uzbekistan Airports” Toshkent xalqaro aeroporti modernizatsiyasiga ayni paytgacha 40 mlrd so‘m yo‘naltirgan. Loyihaning yakuniy bosqichi uchun esa kredit olinadi. Kompaniya rahbari Javlonbek Umarxo‘jayevning aytishicha, rekonstruksiya loyihasining umumiy qiymati texnik-iqtisodiy asoslar chiqqanidan keyin ma’lum qilinadi.

Chapdan o‘ngga: Jasurbek Po‘latov – Toshkent xalqaro ayeroporti direktori; Javlonbek Umarxo‘jayev – Uzbekistan Airports raisi; Jasurbek Choriyev – transport vaziri o‘rinbosari; Timur Xalilov – Uzbekistan Airports Handling direktori / Foto: Kun.uz

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti rekonstruksiyasining birinchi bosqichi yakunlanib, 31 avgust kuni yangi uchib ketish zali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida “Uzbekistan Airports” AJ va Transport vazirligi rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Uzbekistan Airports boshqaruv raisi Javlonbek Umarxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, istiqbolda Toshkent uchun yangi aeroport qurish rejasi bor, lekin unga uzoq vaqt ketadi. Shu sababli ko‘payib borayotgan yo‘lovchilar uchun mavjud terminalni kengaytirish afzal ko‘rilgan.

“Yangi aeroportning qurilishi 1 yoki 2 yillik loyiha emas. Istanbul aeroportini misol qilib keltiraman: adashmasam, uni qurishga 7 yil sarflangan. Yangi aeroportning qurilishi hozirgi sharoitga ta’sir qilishi kerak emas, ya’ni yangisi qurilguncha mavjud aeroportga ozmi-ko‘pmi yo‘lovchilarga sharoit yaratib berishga majburmiz.

Yangi aeroport qurish uchun o‘ziga yarasha bir qancha bosqichlari bor. Uning texnik-iqtisodiy asoslarini yaratish, mablag‘larni, investorlarni jalb qilish jarayonlari bor. Shu munosabat bilan bu ishlar ham o‘rnatilgan tartibda davom etyapti. Hozirgi kunda biz baribir Toshkent xalqaro aeroportini kengaytirishimiz kerak. Chunki yo‘lovchilar oqimi yillik o‘rtacha 20-25 foiz oshmoqda. O‘tgan yil bilan solishtiradigan bo‘lsak, bu yil 1,5 mln nafarga ko‘paygan. Keyingi yilgi prognozlarimiz ham shunday.

Ayni vaqt aeroportimizning sig‘imi 7 mln nafarga mo‘ljallangan, lekin yil yakunigacha 8 mln nafardan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishni reja qilganmiz. Bu degani biz sal orqada qolyapmiz, shuning uchun aeroportning rekonstruksiya va modernizatsiya ishlarini jadallashtiryapmiz. Albatta, bu tashabbus Uzbekistan Airports tomonidan ilgari surilgan, hukumat va davlat rahbari tomonidan tasdiqlangan. Shundan keyin biz ishlarni amalga oshirishni boshladik”, – deydi u.

Kompaniya rahbari loyihaning moliyaviy jihatlariga ham to‘xtaldi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent xalqaro aeroportini kengaytirish va modernizatsiya qilish loyihasi AJ mablag‘lari hamda jamiyat jalb qiladigan kredit mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

“Biz budjetga bog‘lanmaganmiz, ya’ni Toshkent xalqaro aeroporti bugungi kunda o‘zini 100 foiz qoplaydigan va juda ham yaxshi daromad ko‘rsatadigan tashkilot hisoblanadi. Aeroport o‘zini o‘zi bemalol boshqarib, qurilish-montaj ishlarini o‘zi topayotgan daromadlari orqali bemalol qoplay oladi.

Kredit manbasi bo‘yicha hozirgi kunda ishlanyapti, bugungi kungacha qilingan hamma ishlar AJning mablag‘lari hisobidan qoplangan va hozirgi kunda keyingi bosqichni boshlash uchun kredit mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha ishlayapmiz. Kredit mablag‘larini qaytarish jamiyat hisobidan amalga oshiriladi.

Hozirda biz loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ustida ishlayapmiz, bu kreditlarni olish uchun shu asoslar bo‘lishi kerak. Jarayon yakunlanganidan keyin biz qancha kredit mablag‘lari jalb etilishini ochiqlaymiz. Rekonstruksiya loyihasining umumiy qiymati ham TIA chiqqanidan keyin ma’lum qilinadi”, – deydi Javlonbek Umarxo‘jayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, loyihaning dastlabki bosqichlaridan biri bo‘lgan uchib ketish terminalida qurilgan yangi zalning o‘ziga “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan 40 mlrd so‘m sarflangan.

“I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” MChJ direktori Jasur Po‘latovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, aeroportni rekonstruksiya qilish uchun “Uzpromholodmontaj” MChJ pudratchi sifatida tanlab olingan.

Direktor tender “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan o‘tkazilganini ta’kidlab, bunda nechta quruvchi tashkilot qatnashgani, auksion qay tartibda o‘tganidan bexabarligini bildirdi.

“Bu loyiha 1,5 yil avval, [“Uzbekistan Airports”ning sobiq raisi] Ra’no Jo‘rayeva vaqtida boshlangan. Endi hozir shuning davomi ketyapti. O‘sha vaqtda birinchi bosqich sifatida qo‘shimcha zallar barpo qilingandi.

Biz o‘zimiz qo‘shimcha tarzda aeroport hududining tahlilini o‘tkazdik. Aeroportdagi mavjud yo‘lovchilar uchun yuzaga kelayotgan noqulayliklarning tahlilini o‘tkazdik. Ana shu noqulayliklar hamda yo‘lovchi o‘tkazish yo‘laklarimizning tahlili asosida bugungi kundagi ushbu tashabbusni davlat rahbarining ruxsati bilan bajardik”, – dedi u.

Jasur Po‘latovning qo‘shimcha qilishicha, qurilishning rentabelligi, ya’ni natijadorligi yiliga o‘rtacha 30 foizda hisoblangan. Mas’ulga ko‘ra, uzog‘i 3 yilda rekonstruksiya loyihasi o‘zini to‘liq qoplaydi.

Eslatib o‘tamiz, xalqaro aeroport rekonstruksiyasining so‘nggi bosqichi shu yil sentabr oyida boshlanishi reja qilingan, jarayon 2025 yilning so‘ngigacha davom etadi.

Ishlar yakuniga yetkazilgach, o‘tkazish imkoniyati yiliga 13 million yo‘lovchiga yetkaziladi.

2022 yilda “Uzbekistan Airports” AJning o‘sha vaqtdagi raisi Ra’no Jo‘rayeva ko‘payib borayotgan yo‘lovchilar oqimi sabab shahar tashqarisida yangi xalqaro aeroport qurishni taklif qilgani va bu tashabbus hukumat bilan muhokama qilinayotganini aytgandi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Foto: Toshkent aeroporti rekonstruksiyadan so‘ng qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

 

aeroport, Toshkent

Mavzuga oid