Jahon | 13:07 / 04.09.2024
2060
3 daqiqa o‘qiladi

La-Manshda migrantlar qayig‘i ag‘darilishi oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi

Fransiya rasmiylariga ko‘ra, La-Mansh bo‘g‘ozida 70 ga yaqin muhojir bo‘lgan qayiq ag‘darilib ketgan. Qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda, deya xabar berdi mamlakat dengiz prefekturasi.

Foto: Sebastien Jarry/MAXPPP/picture alliance

3 sentabr, seshanba kuni La-Mansh bo‘g‘ozida 70 ga yaqin muhojir bo‘lgan kichik qayiqning ag‘darilishi oqibatida kamida 12 kishi cho‘kib ketdi. Bu haqda Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bedarak yo‘qolganlarni qidirish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun barcha davlat idoralari safarbar qilingan. Fojia Fransiyaning shimoliy qirg‘oqlari yaqinida, Bulon-syur-Mer okrugiga yaqin hududda sodir bo‘ldi.

Fransiya dengiz prefekturasi shimoliy Fransiya qirg‘oqlari yaqinida, Bulon-syur-Mer yaqinidagi Le-Portel shahrida qutqaruv operatsiyasi davom etayotganini ma’lum qildi. 65 kishi suvdan olib chiqildi, ulardan o‘n ikki nafari halok bo‘lgan deb e’lon qilindi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, yana bir necha kishi qutqarilgan, ammo ularning ahvoli «og‘ir». O‘lganlar soni hali ortishi mumkin, deya ogohlantirdi rasmiylar. 

Kamida ikki kishi bedarak yo‘qolgan – ular ham cho‘kib ketgan bo‘lishi mumkin. «Afsuski, qayiqning tubi yorilib ketgan», dedi Bulon-syur-Mer chekkasidagi Le-Portel meri Olive Barbaren. Shaharda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etilgan.

Qayiq Fransiyadan Britaniyaga o‘tmoqchi bo‘lganida, uni Fransiyaning Minck kemasi payqab qolgan va yordamga kelgan, dedi Minck kapitani AFP’ga.

2024 yilda La-Mansh bo‘g‘ozini kesib o‘tishga uringan 25 kishi halok bo‘lgan

Muhojirlar Britaniyaga yetib borish uchun La-Manshdan bir necha bor o‘tadi. Ular ko‘pincha kichik kauchuk qayiqlarda tashiladi. Bu dengizdan o‘tish xavfli, chunki ko‘plab yirik kemalar bo‘g‘ozdan o‘tib, to‘lqinlar hosil qiladi. 

Britaniya ma’lum vaqtdan beri kanallararo migratsiyani to‘xtatishga harakat qilmoqda, shu jumladan Fransiya yordami bilan. Oldingi konservativ hukumat muhojirlarni haqiqiy kelib chiqishidan qat’i nazar, Ruandaga deportatsiya qilish uchun «qattiq» mexanizmlardan foydalangan. Biroq, Britaniyaning yangi bosh vaziri Kir Starmer bu dasturni tugatish niyatida. 

Bo‘g‘ozdagi yangi fojiadan bir necha kun oldin Starmer Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan La-Mansh bo‘ylab noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash choralarini muhokama qilish uchun uchrashdi. AFP ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Fransiya va Britaniya o‘rtasidagi bo‘g‘ozdan o‘tishga uringan 25 kishi halok bo‘lgan. 

Mavzuga oid