O‘zbekiston | 09:49 / 06.09.2024
4408
3 daqiqa o‘qiladi

Gaz qazib olishning qisqarishi va importning ortishi soliq tushumlarini kamaytirib yuborgan

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevga ko‘ra, O‘zbekiston har 1000 metr kub gazni 160 dollardan import qilyapti. Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilligida 5,2 mlrd metr kub gaz sotib olingan. Shuning hisobiga 1,3 trln so‘m aksiz solig‘i olinmagan. UzGasTrade kompaniyasiga esa 1 trln so‘m QQS to‘lovi qaytarib berilgan. O‘z navbatida, ichki gaz qazib olishning kamayishi hisobiga ham aksiz solig‘i tushumlari 104 mlrd so‘mga qisqargan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 5 sentabr kungi majlisida “Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2024 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risida”gi hisobot ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarmida bilvosita soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 foizga kamaygan. Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevga ko‘ra, bunga gaz ishlab chiqarishning pasayishi va import qilishning ortishi sabab bo‘lgan.

“2024 yilning birinchi yarmida soliq organlari tomonidan 85,8 trln so‘mlik soliq tushumlari yig‘ildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,5 foiz o‘sish ta’minlandi. To‘g‘ri aytdingiz, birinchi yarim yillikda bilvosita soliq tushumlari 2023 yildagi ko‘rsatkich 22,8 foizdan 21,4 foizgacha pasaydi. Bu asosan ikkita soliq turi: QQS va aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlar ulushi kamaygani bilan bog‘liq.

QQS bo‘yicha birinchi yarim yillikda 17,8 trln so‘m yig‘ilgan bo‘lsa, bu tushumlar 12,3 foizga oshdi. Lekin 14 trln QQS qaytarib berildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga ko‘p. Misol uchun, 1000 metr kub gazni 160 dollardan import qilyapmiz va 240 ming so‘m bojxonada to‘lanyapti. Aholi va korxona tashkilotlariga bu 480 ming so‘mdan to 1,5 mln so‘mgacha sotilyapti. Natijada har 1000 metr kubga 60 so‘mdan qaytarib beryapmiz. Ya’ni 2024 yilning birinchi yarmida UzGasTrade kompaniyasiga 1 trln so‘m QQS to‘lovi qaytarib berilgan.

Aksiz solig‘i bo‘yicha 8 trln so‘mlik tushum ta’minlandi va ulushi 0,2 foizga kamaydi. Bunga ham tabiiy gazdan 1,4 trln so‘mlik soliq tushumlari tushmasligi sabab bo‘ldi. Birinchi asosiy masala 2023 yilning 6 oyida bizda 2,3 mlrd metr kub gaz import qilingan bo‘lsa, 2024 yilning birinchi yarmida 5,2 mlrd metr kub gaz import qilindi. Bu deyarli 2,2 barobar oshdi. Shuning hisobiga 1,3 trln so‘mlik aksiz solig‘i olinmadi. Chunki tabiiy gaz importiga 0 foizlik stavka qo‘llanadi.

Ikkinchisi, olti oyda 13,7 mlrd metr kub gaz ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 mlrd metr kub kam. Shuning hisobiga 104 mlrd so‘mlik aksiz soliqlari kam tushgan.

Mana shu faktorlar sabab bilvosita soliqlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaydi”, dedi Mubin Mirzayev.

Mavzuga oid