Jahon | 14:27 / 06.09.2024
2996
2 daqiqa o‘qiladi

Myunxendagi otishma: tergovchilar terakt versiyasi ustida ishlamoqda

Tergovchilar gumonlanuvchining motivini aniqlashga harakat qilmoqda. Avstriya Ichki ishlar vazirligi hujumchining terrorchilik guruhlariga aloqadorligini tasdiqladi.

Foto: Matthias Schrader/AP Photo/picture alliance

Myunxendagi otishmadan keyin tergovchilar terakt versiyasi ustida ishlamoqda. «Biz hozirda Isroil bosh konsulligiga aloqador terakt versiyasi ustida ishlayapmiz», — dedi politsiya vakili 5 sentabr, payshanba kuni.

Hozirda tergovchilarning asosiy harakatlari gumonlanuvchi motivini aniqlashga qaratilgan. Otishma sodir bo‘lgan hududda to‘xtab turgan mashinalardan biri hujum qilgan shaxsga tegishli ekanligi aniqlandi. Politsiyaning aniqlik kiritishicha, hujumchi eski rusumdagi miltiq bilan qurollanib, yaqinlashib kelayotgan politsiyachilarga qarata o‘q uzgan. Keyingi otishmada 18 yoshli gumonlanuvchi halok bo‘lgan. Boshqa odamlar jabrlanmagan.

Voqea yuzasidan tergov Myunxen Bosh prokuraturasi huzuridagi Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash markaziy departamenti rahbarligida Myunxen kriminal politsiyasi tomonidan olib borilmoqda.

Avstriya vazirligi terakt bo‘yicha shubha borligini tasdiqladi

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi 18 yoshli avstriyalik. Avstriya Ichki ishlar vazirligi ommaviy axborot vositalarida otishmani sodir etgan shaxs Avstriya rasmiylariga teraktda gumon qilinayotgan shaxs sifatida tanilgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi. O‘tgan yili unga qarshi terroristik guruhga a’zolik bo‘yicha ish ochilgan edi, deya ta’kidladi Avstriya Ichki ishlar vazirligi vakili. U boshqa tafsilotlarni berishdan bosh tortdi.

Ayni paytda Avstriya politsiyasi dalil izlash uchun otishma uyushtirgan shaxsning Zalsburg yaqinidagi kvartirasini tintuv qildi. Hujumchi ota-onasi bilan yashagan.

Otishma 5 sentabr kuni ertalab Myunxen markazida Karolinenplats hududida Milliy sotsializm tarixi bo‘yicha hujjatlashtirish markazi yaqinida sodir bo‘lgan. Isroil bosh konsulligi unga yaqin joyda joylashgan.

Mavzuga oid