O‘zbekiston | 20:32 / 06.09.2024
16983
11 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilarning 1 foizi 10 mln so‘mdan ko‘p maosh olmoqda. Qanday qilib?

MMTV rahbarlari 10 mln so‘m yoki 1000 dollar (ikki xil ma’lumot aytildi) maosh olayotgan o‘qituvchilar soni 6 ming nafar atrofida ekanini aytdi. Kun.uz bunga qanday erishish mumkinligini o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchi ming dollar maosh uchun oliy toifa va sertifikat olishi, maksimal ko‘p dars soatlarini qo‘lga kiritishi, o‘quvchilari yuqori ball bilan OTMga kirishi kabi ko‘plab vazifalarni uddalashi kerak.

Foto: O‘zA

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va’da qilingan ming dollarlik oylik o‘qituvchilarning aksariyati uchun haligacha orzu bo‘lib qolayotganiga izoh berdi. Yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin matbuot anjumani o‘tkazgan vazir Hilola Umarova jurnalistlarning bu haqdagi savoliga javoban oyliklar oshirilishi kutilgan darajada bo‘lmayotganining sabablariga to‘xtalmadi, faqat qilingan va qilinayotgan ishlar haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident topshirig‘i asosida toifasi yuqori o‘qituvchilarning maoshini oshirish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Hozirgi paytda har xil ustamalar yo‘lga qo‘yilgani va Vazir jamg‘armasi tashkil etilgani hisobiga maktablarda ming dollar va undan yuqori miqdorda maosh olayotgan o‘qituvchilar soni 6 mingdan oshgan, dedi Hilola Umarova.

Muammo shundaki, 6 ming nafar o‘qituvchi – tizimdagi jami o‘qituvchilarning atigi 1,1 foizini tashkil etadi. Lekin hatto shu raqamni ham tekshirish kerakka o‘xshaydi. Chunki vazir o‘z nutqida “ming dollar va undan yuqori maosh olayotganlar soni 6 mingdan ziyod” degan bo‘lsa, uning moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Temur Komilov “6 mingga yaqin o‘qituvchi 10 mln so‘mdan ko‘proq maosh olayotganini” aytdi. 10 mln so‘m va ming dollar o‘rtasida yaxshigina farq paydo bo‘lganiga esa ancha bo‘lgan.

Komilovning so‘zlariga ko‘ra, hozir maktablardagi o‘qituvchilarning qariyb yarmi – 250 mingga yaqini 3 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha maosh olyapti. Oyliklarni 1 mln so‘mga oshirish uchun yiliga 7 trln so‘mdan ko‘p pul kerak. “Hamma birdek ming dollar oylik oladi degan narsa – utopiya”, dedi vazir o‘rinbosari.

1000 dollar maosh olish uchun nima qilish kerak?

Kun.uz vazir aytgan har xil ustamalarni olib, maoshi 1000 dollarga yaqinlashgan o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi. Chilonzor tumanidagi 200-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Sevara Yalgashova joriy yilda “vazir ustamasi”ni qo‘lgan kiritgan.

Oliy toifali o‘qituvchilar maksimal 1,5 stavka dars o‘tishi mumkin, bu 30 soat degani. Agar o‘qituvchi 30 soat dars o‘tsa, oylik 6 mln so‘mga yaqinlashib qoladi. Bundan tashqari, menga “vazir ustamasi” to‘lanadi bu – 5,5 mln so‘m. Shuningdek, o‘zimning fanim – ona tili va adabiyotdan milliy til sertifikatim bor, til sertifikati uchun oylikning 20 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.

O‘qituvchining faoliyati baholanib, 10 foiz maktabdan ham ustama beriladi. Bu ham qo‘shilyapti. May oyidan boshlab “vazir ustamasi”ni olyapman, maoshim shu bilan 11 mln so‘mdan oshyapti”, – deydi u Kun.uz bilan suhbatda.

Sevara Yalgashovaning maoshi va olayotgan ustamalarini hisoblab ko‘ramiz.

  • U oliy toifali o‘qituvchi bo‘lgani uchun 1,5 stavka dars olgan. Demak, bazaviy tarif stavkasi bo‘yicha oylik – o‘rtacha 6 mln so‘m.
  • Maktabning o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish direktor jamg‘armasidan ustama: bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 10 foiz (bu 40 foizgacha bo‘lishi mumkin) – 600 ming so‘m.
  • Ona tili va adabiyotdan til sertifikati uchun ustama: bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz – 1,2 mln so‘m.
  • Vazir ustamasi: 5,5 mln so‘m.

Yuqoridagilarni qo‘shganda, yig‘indi 13 mln 300 ming so‘mni tashkil etadi.

Markaziy bankning 6 sentabr kungi rasmiy kursi bo‘yicha 1 AQSh dollari 12707,95 so‘mga teng. Shunga ko‘ra, 13,3 mln so‘m = 1047 dollar.

O‘qituvchi 12 foiz daromad solig‘i va 1 foiz kasaba uyushmasi uchun badal to‘laydi. Shundan kelib chiqib, yuqoridagi holatda pedagogning qo‘liga tegadigan mablag‘ taxminan 11,7 mln so‘m yoki 920 dollar atrofida bo‘ladi.

Vazir ustamasi bo‘lmasa, boshqa ustamalarga harakat qilish kerak”

Nargiza Adilova – Shayxontohur tumanidagi 299-maktabi ingliz tili o‘qituvchisi. U “vazir ustamasi”ni 2022 yilda olgan. O‘sha paytlarda maoshi 15 mln so‘mga ham yetganini aytadi. Lekin hozir u bu ustamani olmaydi.

Xorijiy til o‘qituvchisi bo‘lganim sabab til sertifikatim uchun 50 foiz ustama to‘lanadi. Keyin direktor fondidan ham ustama olganman. Shular qo‘shilib, ancha bo‘lib qoladi. Hozir direktor ustamasi, metod birlashmasi ustamasi – 15 foiz. Bundan tashqari, sinf rahbarligim bilan maoshim 10 mln so‘mdan oshadi.

Direktor ustamasi yil davomida qilgan ishlaringiz uchun beriladi: o‘quvchilaringiz fan olimpiadalarida qatnashsa, tadbirlarda ishtirok etsangiz, oyligingizga 15 foiz qo‘shiladi. Metod birlashmasining ustamasini olish uchun esa tumanda, shaharda dars o‘tib bergan bo‘lishingiz kerak – buning eng ko‘pi 10 foiz, direktor ustamasini 40 foizgacha oladiganlar bor.

Til sertifikati C1 yoki IELTS 7'dan yuqori bo‘lsa, maoshga 50 foiz qo‘shiladi. Bu faqat xorijiy til o‘qituvchilari uchun. Lekin boshqa fan o‘qituvchisi bo‘lsa, C1 yoki IELTS'dan 7 balli bo‘lsa ham, 50 foiz qo‘shilmaydi, 20 foiz qo‘shiladi”, – deydi u.

Ustamalar maoshga bog‘langani uchun, o‘qituvchi qancha ko‘p dars soatini qo‘lga kiritsa, unga to‘lanadigan ustamalar miqdori ham maoshiga qarab yuqori bo‘ladi. Nargiza Adilovaning tushuntirishicha, dars soati taqsimlanayotganda xalqaro olimpiadalarda o‘rin egallagan, yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan, oliy toifasi bo‘lganiga qarab o‘qituvchilarga ko‘proq dars soati beriladi.

Duch kelgan odamga 1,5 stavka dars berilmaydi. Birinchi toifadan ko‘ra oliy toifali o‘qituvchilar, til sertifikati C1 bo‘lganlar B2 sertifikati bor o‘qituvchilardan ko‘ra ko‘proq soat dars oladi”, – deydi u.

Nargiza Adilova oliy toidali o‘qituvchi bo‘lgani, til sertifikati borligi, direktor ustamasi, metod birlashma rahbarligi uchun ustama, sinf rahbarligi uchun to‘lanadigan ustamani olgani bilan maoshi (soliqlardan keyin) 10 mln so‘mga yetishini aytyapti.

Vazir ustamasi” juda oz sonli pedagoglarga beriladi

Demak, qancha ko‘p ustama bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, o‘qituvchi maoshi 1000 dollarga yetishi uchun “vazir ustamasi” katta rol o‘ynaydi. Lekin muammo shundaki, bu ustama hammaga ham nasib qilavermaydi. Raqobat juda katta bo‘ladi, kvota esa cheklangan.

Birinchi bosqichda o‘qituvchilar yutuqlariga qarab tumanda saralanadi. O‘zining kriteriylari bor. Oliy ta’lim muassasalariga yuqori ball bilan o‘quvchilari kirgan bo‘lsa, yoki respublika olimpiadalariga o‘quvchi chiqargan bo‘lsa, respublikada metodik qo‘llanmalari ommalashgan bo‘lsa, bundan tashqari, o‘z hududida ilg‘or o‘qituvchi deb topilgan bo‘lsa, “vazir ustamasi”ni qo‘lga kiritishi mumkin. Masalan, men abituriyentlar bilan ishlaganman, 80-90 foiz abituriyentlarim yuqori ball bilan o‘qishga kirgan. Shularning hujjatlarini taqdim qilib, saralashdan o‘tganman. Keyingi bosqichda test bo‘ladi, undan 100 balldan 80 yoki undan yuqori ball to‘plaganlar suhbat bosqichiga o‘tadi. Men 87 ball bilan o‘tganman. Keyin 20 balli suhbat bosqichi bo‘ladi, shundan o‘tsa, ustamani olishi mumkin. Bizga kvota chegaralangan deb aytishgandi, lekin ko‘pchilik test bosqichidan yiqilib ketgandi”, – deydi Sevara Yalgashova.

Nargiza Adilova esa bu ustama uchun raqobat juda kattaligini aytadi.

Vazir ustamasi”ni olish uchun bu yil Shayxontohur tumaniga ingliz tili o‘qituvchilari uchun bitta joy berildi. Bitta joyga uchtagina nomzod beriladi, bu degani 400 o‘qituvchidan atigi 3 tasi nomzod sifatida taqdim etiladi. Ilgari topshirganimda ham bitta o‘rin berilgandi. “Vazir ustamasi”ni olish qiyin, raqobat katta bo‘ladi. Kattaroq tumanlarga 2-3 tadan kvota berildi. Bu yil kvota qisqarib ketdi, chunki ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ham joy ajratildi. Ilgari faqat umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari tanlovda ishtirok etishi mumkin edi”, – deydi u.

“Vazir ustamasi” 2022 yildagi hukumat qarori bilan joriy qilingan. Buning uchun Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi tashkil etilgan va 2022 yilda unga 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Xo‘sh, o‘zi maoshi 1000 dollarga yetadigan o‘qituvchilarning aniq soni qancha? Vazir Hilola Umarova aytganidek, 6 mingdan ziyodmi yoki uning moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Temur Komilov ta’kidlagandek 6 mingga yaqinmi? Va bu soni 6 ming nafar atrofida ekani aytilayotgan o‘qituvchilarning qanchasi 10 mln so‘m, yana qanchasi 12,7 mln so‘m (ming dollar) atrofida maosh olmoqda?

Kun.uz bu savolni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatiga yo‘lladi, lekin savolga javob berilmadi.

Madina Ochilova,
Kun.uz

Mavzuga oid