Jahon | 21:32 / 10.09.2024
54855
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda fermer qimmatbaho meteoritni 30 yil eshik tirgagi sifatida ishlatib kelgani ma’lum bo‘ldi

Tosh 100 ming dollarga baholanmoqda. Shu vaqtgacha fermer uning qiymatini bilmagan.

Foto: Central Michigan University

AQShning Michigan shtatida fermer 100 ming dollarlik meteoritni 30 yil davomida eshik tirgagi sifatida ishlatib kelganini bilib qoldi. Kosmik jism Yerga 1930 yillarda qulagan, deb xabar bermoqda LADBible nashri Markaziy Michigan universiteti saytiga tayanib.

Fermer Devid Mazurekning aytishicha, tosh uning qo‘liga 1988 yilda yer uchastkasini sotib olganda o‘tgan. Fermaning avvalgi egasi 1930 yillarda meteoritning qulashiga guvoh bo‘lganini ma’lum qilgan. U toshni saqlab qolgan va uchastkaga qo‘shib yangi egasiga bergan.

Shu paytgacha meteorit eshik tirgagi sifatida ishlatib kelingan. Yaqinda Mazurek toshni baholash uchun Markaziy Michigan universitetiga olib bordi. Geologiya kafedrasi o‘qituvchisi Monaliza Sirbesku meteoritning 88 foizi temir va 12 foizi nikeldan tashkil topganini hamda uning qiymati taxminan 100 ming dollar ekanini aniqladi.

“Bu ham moliyaviy, ham ilmiy jihatdan eng qimmatbaho namuna. U Quyosh tizimining bir bo‘lagi”, — dedi Sirbesku.

Toshning vazni 10 kilogrammdan biroz ortiq. U Michiganda topilgan meteoritlar orasida kattaligi bo‘yicha oltinchi o‘ringa chiqdi. Endi Mazurek bu toshni sotib, undan tushgan mablag‘ning bir qismini universitetga xayriya qilishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid