O‘zbekiston | 16:01 / 11.09.2024
11515
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud rais o‘rinbosari va Toshkent shahar sudi raisi qandolat fabrikasini “ziyorat” qildi

Asosiy vazifasi odil sudlovni amalga oshirish bo‘lgan sud-huquq sohasi mas’ullarining bu harakati tanqidga uchradi. Sudyalar odobi kodeksiga ko‘ra, sudya sud hokimiyatining xolisligi, mustaqilligi va beg‘arazligiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan o‘zini tiyishi shart.

Foto: Uchtepa tumani hokimligi

10 sentabr kuni Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov hamda Toshkent shahar sudi raisi Erkin Xojaqulov poytaxtning Uchtepa tumanida bo‘lib, hududdagi 238-sonli umumta’lim maktabi va “Sofiya Qandolat” fabrikasi faoliyati bilan tanishgan. Bu haqda mahalliy hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ularga tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Jamshid Olimjonov hamrohlik qilgan.

Yuqori martabali sudyalarning bu harakati e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Jumladan, huquqshunos va bloger Zafarbek Solijonov sudya o‘z ishini qilishi kerakligi haqida yozdi.

Sud jarayonidan boshqa joyda uchrashishi faoliyatini shubha ostiga qo‘yadigan martaba egalari (ijro qiluvchi hokimiyat vakili va sudya) qandolat fabrikasida (ertaga sud protsessi ishtirokchilari bo‘lishi mumkin bo‘lgan yuridik shaxs) birga yuribdi. O‘rtoqlar, sudyalarni tinch qo‘yaylik, iltimos.

Hozir ayrimlar aytishi mumkin, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim dargohlaridagi real vaziyatni o‘rganish uchun yurgandir, deb. Unday bo‘lmaydi, jon do‘stlar, tushunaylik. Bu juda absurd argument, argument deb bo‘lsa. Yurganidan foyda yo‘q, vaziyatni o‘zgartiroladigan qonun chiqaruvchi yoki ijro vakili emas sudya.

Davlatning qaysidir siyosati bo‘ladimi, ijroning qaysidir vakolati, majburiyati bo‘ladimi, farqi yo‘q, sudya o‘z ishini qilishi kerak. Uni bu siyosatlarga aralashtirmaslik shart”, deya fikr bildirgan bloger.

Shuhrat Polvonov hamda Erkin Xojaqulovning qandolat fabrikasiga “ziyorati” Sudyalar odobi kodeksiga ham to‘g‘ri kelmaydi. Ushbu kodeksning 2-moddasida sudya sud hokimiyatining nufuzini tushiradigan va sudyaning obro‘-e’tiboriga putur yetkazadigan yoki uning xolisligi, mustaqilligi va beg‘arazligiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan o‘zini tiyishi shartligi qayd etilgan.

Shuningdek, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunda sudyalarga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Kun.uz holat yuzasidan Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati bilan bog‘landi. Ammo kengash axborot xizmati rahbari Tursunali Akbarov tahririyat savollarini ochiq qoldirdi.

Ma’lumot uchun, Shuhrat Polvonov Oliy sud raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi hisoblanadi. U mazkur lavozimga 2022 yil 19 noyabrda saylangan.

Toshkent shahar sudi raisi Erkin Xojaqulov esa mazkur lavozimda 2021 yil 1 yanvardan buyon ishlab keladi.

Har ikkala sud mulozimlari tashrif buyurgan zavod - Safia brendi ostida faoliyat yurituvchi kompaniya 2021 yil oxirida yer uchastkasiga oid nizo yuzasidan sudlashayotgani ma’lum bo‘lgandi. Sud natijasi jamoatchilikka ma’lum emas.

Mavzuga oid