O‘zbekiston | 07:41 / 11.09.2024
4550
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kichik quvvatli AES loyihasi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi

«O‘zatom» huzuridagi AES qurilishi direksiyasi, «Rosatom» hamda «Atomstroyeksport» o‘rtasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. 

Foto: «O‘zatom» Atom energiyasi agentligi

«O‘zatom» Atom energiyasi agentligining Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi va «Atomstroyeksport» AJ («ASE» AJ, «Rosatom»ning muhandislik bo‘limi) O‘zbekistonda qurilajak kam quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) qurilish maydonchasida ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzoladi

«O‘zatom» agentligi xabariga ko‘ra, hujjat O‘zbekiston Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev va «Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari — Xalqaro faoliyat bloki direktori Nikolay Spasskiy ishtirokida imzolandi.

«Bugungi imzolangan hujjat O‘zbekistonda birinchi kam quvvatli AES qurilish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha faol ishlarni boshlashga qadam tashlaganimiz dalolatidir, bu esa yaqin kelajakda qurilish maydonchasida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlarni boshlash imkonini beradi», — dedi Otabek Omonov.

AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar iyun oyida boshlangan, unda bo‘lajak atom elektr stansiyasi qad rostlaydigan maydonda birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash imkonini beradigan ustuvor vazifalar belgilab olingan. Avgust oyining oxirida atom elektr stansiyasi quruvchilari uchun vaxta shaharchasini yaratish ishlari boshlandi.

Bu atom elektr stansiyasi faoliyat yuritayotgan hududni an’anaviy kompleks rivojlantirish yo‘lidagi birinchi qadamdir — hududda madaniy-ma’rifiy loyihalar, tibbiyot tashkilotlari paydo bo‘ladi, aholi yashash punktlari odamlarni yashashga, sanoat korxonalari va tijorat tashkilotlarini esa mehnatga jalb qilishi kutilmoqda, deya ta’kidlamoqda «O‘zatom» agentligi.

Mavzuga oid