Qirg‘iziston prezidenti o‘zbekistonlik boks murabbiyi Akmal Hasanovga avtomobil sovg‘a qildi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 11 sentabr kuni o‘zbekistonlik boks murabbiyi Akmal Hasanov bilan uchrashib, qirg‘izistonlik Munarbek Seyitbek o‘g‘lining olimpiadada sovrindor bo‘lishiga qo‘shgan hissasi uchun Chevrolet Tracker avtomobilini sovg‘a qildi.
Japarov o‘zbek murabbiyining bu harakati Qirg‘iziston va O‘zbekiston xalqlarining do‘stligi va hamjihatligini ko‘rsatib berganini alohida ta’kidlagan.
“Markaziy Osiyo xalqlari bir-birini qo‘llab-quvvatlab, birdamlik va do‘stona munosabatlarni namoyon etayotganini butun dunyo ko‘rdi”, – deya uning so‘zlarini keltirmoqda qirg‘iz prezidenti matbuot xizmati.
Sadir Japarov Parijdagi olimpiadada o‘zbekistonlik sportchilar yuqori natija qayd etganini ham ta’kidlagan. “O‘zbekistonda sportga katta e’tibor qaratilmoqda. Biz sportchilarimizni so‘nggi uch yil ichida faol qo‘llab-quvvatlay boshladik. Avvallari musobaqalarda ishtirok etish uchun mablag‘ ajrata olmagan holatlarimiz bo‘lgan. Hozir davlat vitaminlar bilan ta’minlashgacha bo‘lgan barcha zarur sharoitlarni yaratyapti”, – degan davlat rahbari.
Akmal Hasanov qo‘shni mamlakat rahbariga minnatdorchilik bildirib, Munarbek Seyitbek o‘g‘lini sport yig‘inlarida ko‘p marta uchratgani, Parijda hech ikkilanmay uning sekundanti bo‘lishga rozilik bildirganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘li Parij olimpiadasidagi kumush medali bilan, Qirg‘iziston boksi tarixidagi ilk olimpiada sovrindoriga aylangan edi. Uning o‘z murabbiyi viza muammosi sababli olimpiadaga bora olmagani sabab, nimchorak, chorak va yarim final janglarida unga Akmal Hasanov sekundantlik qildi.
Mavzuga oid
08:47 / 22.12.2024
Usik Fyurini yana yengdi
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
17:37 / 20.12.2024