Jahon | 00:25 / 12.09.2024
4372
3 daqiqa o‘qiladi

Vetnamda «Yagi» supertayfuni oqibatida 300 kishi halok bo‘ldi va bedarak yo‘qoldi

«Yagi» supertayfuni mamlakatda oxirgi 30 yildan kuzatilgan eng kuchli tabiiy ofat hisoblanadi. U ko‘plab binolar, infratuzilma obektlarini vayron qildi.

Foto: Reuters

Vetnamning shimoliy qismiga yopirilgan «Yagi» supertayfuni natijasida yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida kamida 324 kishi halok bo‘ldi va bedarak yo‘qoldi, deb xabar beradi mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Tabiiy ofatlarning oldini olish departamenti.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shimoliy provinsiyalarda yuz bergan qator ko‘chki va suv toshqinlari oqibatida 179 kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, yana 145 kishi bedarak yo‘qolganlar safida.

Vetnam Tabiiy ofatlar va qidiruv-qutqaruv ishlari bo‘yicha milliy qo‘mitaning qayd etishicha, «Yagi» supertayfuni mamlakatda oxirgi 30 yildan kuzatilgan eng kuchli tabiiy ofat hisoblanadi. U ko‘plab binolar, infratuzilma obektlarini vayron qildi, qishloq xo‘jaligi maydonlariga sezilarli darajada zarar yetkazdi.

Vetnam bosh vaziri Fam Min Chin vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlarini jabrlangan hududlardagi turmush tarzini tezda tiklash uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga solishga chaqirdi. «Insonlar hayoti va sog‘lig‘ini birinchi o‘ringa qo‘yish kerak, buning uchun butun siyosiy tizimni jalb qilish, suv toshqinlari va ko‘chkilarga qarshi barcha choralarni ko‘rish zarur», — deydi hukumat rahbari.

Uning ta’kidlashicha, suv toshqini tufayli tashqi dunyodan ajrab qolgan aholi punktlariga har qanday holatda ham oziq-ovqat, chuchuk suv va dori-darmon yetkazib berish kerak. Chin, shuningdek, vakolatli organlarni to‘g‘on va suv omborlari, ko‘chki va suv toshqinlari xavfi bo‘lgan hududlardagi vaziyatni diqqat bilan kuzatishga, aholini ehtimoliy xavfli hududlardan xavfsiz joylarga evakuatsiya qilishni tezlashtirishga chaqirdi.

Avvalroq Vetnam bosh vaziri o‘rinbosari Xo Dik Fok «Yagi» supertayfuni yopirilishi oqibatida mamlakat shimolidagi serqatnov ko‘prik qulab tushganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid