Jahon | 00:49 / 12.09.2024
3043
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy 2028 yilga borib Marsga tarixiy missiyasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda

«Tyanven-3» missiyasining asosiy vazifasi Marsda hayot izlarini qidirishdan iborat. Bundan tashqari missiya sayyora yuzasiga qo‘nish va undan ko‘tarilishda ilg‘or texnik imkoniyatlarini namoyon etadi. 

Foto: Reuters

Xitoy 2028 yilga borib Marsdan Yerga namunalarni olib kelish bo‘yicha tarixiy urinishni amalga oshirishi mumkin. Bu haqda missiya bosh konstruktori Lyu Tszichjun uzoq kosmosni tadqiq etishga bag‘ishlangan tadbirda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, «Tyanven-3» missiyasi «taxminan 2028 yilda» ikkita parvozni amalga oshiradi. Bundan oldingi reja bo‘yicha Marsga parvoz 2030 yilda amalga oshirilishi kerak edi. Yangi bayonotning berilishiga Xitoy iyun oyida Oyning orqa tomonidan ilk namunalarni olib kelgani turtki bo‘ldi.

Shuningdek, bu NASA va Yevropa kosmik agentligining Marsdan namunalarni olib kelish borasidagi sa’y-harakatlari budjet, qiyinchilik va tavakkalchiliklar xavfi tufayli susayishi fonida yuz bermoqda. Marsdan namunalarni birinchi bo‘lib olib kelgan davlat bo‘lish — Xitoyning ulkan kosmik dasturi va Si Jinpingning mamlakatni kosmik davlatga aylantirish haqidagi «abadiy orzusi» uchun muhim yutuq bo‘ladi.

«Tyanven-3» missiyasining asosiy vazifasi Marsda hayot izlarini qidirishdan iborat. Bundan tashqari missiya sayyora yuzasiga qo‘nish va undan ko‘tarilishda ilg‘or texnik imkoniyatlarini namoyon etishi kutilmoqda. 

«Missiyaning qaytishi uchun Mars yuzasidan ham raketa uchirilishi kerak. Bu kichikroq raketa bo‘ladi, shu boisdan parvozning ishonchliligini kafolatlash juda murakkab», — deydi Lyu.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy boshqa mamlakatlarning foydali yuklarini yetkazib berish, namunalar va ma’lumotlar almashish va Marsni kelajakda tadqiq qilishni rejalashtirishni o‘z ichiga olgan missiya bo‘yicha xalqaro hamkorlikda ishtirok etadi.

Mavzuga oid