Vodiydagi tantana, Boysundagi mavhumlik va AES bo‘yicha yakuniy bitim - hafta dayjesti
O‘zbek-qirg‘iz chegarasida yana ikkita post ochildi: kelasi yil ikki xalq o‘rtasida yopiq darvozalar qolmasligi aytilyapti. Vazir darajasidagi amaldorning ilk marta oshkora sudlanishi to‘xtatildi: Aziz Voitov ishi yopiq sudda ko‘riladi. Kondagi avariya bo‘yicha mas’ullar hamon sukutda: boysunliklar o‘z holiga tashlab qo‘yilganmi? Ortda qolayotgan haftaning muhim mavzulari – Kun.uz dayjestida.
Haftaning eng yaxshi yangiligi – O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi ikkita muhim postning ochilgani bo‘ldi. 12 sentabr kuni Andijon va Namangan viloyatlarini Jalolobod viloyati bilan bog‘lovchi “Qorasuv” va “Uchqo‘rg‘on/Kensay” nazorat-o‘tkazish punktlari tantanali ravishda ochildi. Qayta qurilgan bu postlar orqali kuniga 20 mingdan ortiq fuqaro va yuzlab transport vositalari chegarani kesib o‘tishi mumkin.
Bundan 14 yil oldin yopilgan “Qorasuv” posti – Markaziy Osiyodagi eng yirik ulgurji bozorlardan biri bo‘lgan O‘sh viloyatidagi Qorasuv bozoridan atigi 2 km masofada joylashgani bilan katta ahamiyatga ega. 90-yillardayoq Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lgan Qirg‘iziston bozorlari raqobatli narxlari bilan o‘zbekistonliklarni o‘ziga jalb etib keladi. 2010 yili “Qorasuv” posti yopilganida, bu yerdagi ulgurji bozorda savdo hajmi keskin tushib ketgani ham bejiz emas.
“Uchqo‘rg‘on/Kensay” nazorat-o‘tkazish punkti esa yo‘lovchi oqimi bilan birga, vodiydagi xalqaro transport tashuvlarida ham muhim o‘ringa ega. Xususan, Qirg‘iziston va Xitoyga eng qisqa tranzit yo‘l shu punkt orqali o‘tadi. Tojikistonning Xo‘jand viloyatidan Rossiya, Xitoy va Qirg‘iziston davlatlariga olib o‘tiladigan tranzit yuklar ham shu yerdan harakatlanishi natijasida, “Do‘stlik” postidagi transport oqimi 30-40 foizga kamayishi kutilmoqda. O‘zbek rasmiylariga ko‘ra, qaytadan qurilgan bojxona posti kuniga 500 dan ortiq yuk mashinalari va 300 dan ortiq yengil avtomobillarni o‘tkaza oladi. Bu yerda xitoyliklar bilan birga “Uchqo‘rg‘on-Kensay” logistika markazini barpo etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda o‘zbek-qirg‘iz chegarasini 2,3 million kishi kesib o‘tgan bo‘lsa, 2023 yilda bu raqam 16 millionga yetgan. Ikkita muhim postning ochilishi o‘zaro bordi-keldini yanada ko‘paytiradi. Xususan, qirg‘izistonliklar endi O‘shdan Jalolobodga borish uchun 120 km masofa bosish o‘rniga, O‘zbekiston hududi orqali tranzit harakatlanib, atigi 19 kilometr yo‘l bosishi kifoya. O‘tgan yildan boshlab chegarani ID karta bilan kesib o‘tishga ruxsat berilgani transchegaraviy harakatlanishni ancha osonlashtirgan.
Ma’lumot uchun, o‘zbek-qirg‘iz chegarasi bo‘ylab jami 16 ta nazorat-o‘tkazish punktlari joylashgan. Hozirda ularning 13 tasi faoliyat olib bormoqda. Qirg‘iziston tomonining ma’lumotiga ko‘ra, hozircha yopiq qolayotgan 3 ta punktni ham kelasi yili ochish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, ikki mamlakat o‘rtasidagi darvozalarning aksariyati Qirg‘izistonda 2005-2010 yillarda ro‘y bergan inqiloblar va etnik nizolar fonida O‘zbekiston tomonidan berkitilgan, hatto devorlar qurilgandi. O‘tgan yili o‘zbek rasmiylari Xonobod postidagi ana shunday devorlardan birini buzayotgani aks etgan videolar tarqalgan, ko‘p o‘tmay mustaqillik bayramida “Xonobod/Bek-obod” va “Mingtepa/Qora-Bog‘ish” postlari tantanali ochilgan edi.
Toshkent va Bishkek munosabatlari ancha iliqlashgani hafta davomida boshqa bir kontekstda ham yana bir bor e’tirof etildi. 11 sentabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘zbekistonlik boks murabbiyi Akmal Hasanov bilan uchrashib, qirg‘izistonlik Munarbek Seyitbek o‘g‘lining olimpiadada sovrindor bo‘lishiga qo‘shgan hissasi uchun unga Chevrolet Tracker avtomobilini sovg‘a qildi. Markaziy Osiyo xalqlarining bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, birdamligi va do‘stona munosabatlarini butun dunyo ko‘rdi, dedi Qirg‘iziston rahbari.
Boysunda vaziyat qanday?
SSSR paytida ro‘y bergan ko‘plab yirik avariyalar imkon qadar bosti-bosti qilinganidan ko‘pchilikning xabari bor. Texnogen ofatlarning guvohlariga bu haqda gapirish qat’iyan taqiqlangan, noxush voqealar haqida keng aholi bir necha yillar o‘tganidan keyingina xabar topgan. Boysundagi konda 1 sentabr kuni ro‘y bergan avariya atrofida bo‘layotgan holatlarni kuzatib, shunday o‘ylash mumkin: agar hozir internet zamoni bo‘lmaganida, o‘sha sovet paytlaridagi kabi ko‘pchilik boysunliklarning boshiga tushgan bu kulfatdan bexabar qolgan bo‘lardi.
1 sentabr kuni ro‘y bergan avariya natijasida tarqalayotgan zaharli gazni jilovlashning hozircha uddasidan chiqilmadi. Boysun shahriga ko‘chirilgan Kofrun va boshqa qishloqlar aholisini bir tomondan shamol bilan shahargacha borayotgan gaz, ikkinchi tomondan esa mavhumlik qiynayapti: ular qachongacha birovning uyida yoki har xil tashkilotlarning binolarida yashashini bilishmaydi. Evakuatsiya qilingan aholiga yaratilayotgan, aniqrog‘i yaratilmayotgan sharoitlar, qolaversa, avariyani bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning holati haqida na hukumat komissiyasi, na davlat idoralari va na xususiy pudratchilar ma’lumot bermayapti.
Hozirda konga yaqin joylashgan bir necha qishloq huvillab qolgan. Ko‘chirilgan aholi soni ma’lum emas. Mas’ullar ularning hammasiga ham turar joy topib bermagani, sarson-sargardon yurganlar ham borligi aytilyapti. Mahalliy hokimiyat aholi savollariga javob berish uchun koll-markaz yoki Telegram-botga o‘xshash aloqa kanallarini yo‘lga qo‘ymagan. Ko‘chirilganlarga tibbiy va moddiy yordam ko‘rsatish masalalari, maktab bolalarining o‘qishi nima bo‘layotgani, avariya bilan bog‘liq xarajatlar kimning zimmasiga tushayotgani, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni kim qoplashi va boshqa ko‘plab savollar ochiq qolmoqda. Rasmiy ma’lumot bo‘lmaganidan keyin, tabiiyki, har xil mish-mishlar ham tarqalyapti.
Internetda jurnalistlar bilan gaplashgan boysunliklar ta’qib qilinishi haqida gap-so‘zlar yuribdi. Kon yaqinida bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbirining aytishicha, odamlar haqiqatan ham vaziyat haqida gapirishdan qo‘rqishyapti. Mikrofonsiz gapirishga rozi bo‘lgan sanoqli aholi vakillari vaqtincha daromadsiz qolgan odamlarning yeyish-ichishidan xabar olinmayotgani, odamlar qishloqqa mol-holidan xabar olish uchun vaqtincha kelib turgani, zaharli gazdan tovuqlar nobud bo‘layotgani, qishloq qarovsiz qolgani uchun onda-sonda o‘g‘riliklar haqida ham gap bo‘layotganini aytishdi. Muxbirimizning so‘zlariga ko‘ra, kondan chiqayotgan oltingugurt gazi tarqalishi shamol yo‘nalishiga qarab o‘zgarib turibdi, palag‘da tuxumning qo‘lansa hidiga o‘xshash achqimtir gaz ko‘ngilni aynitadi, boshni og‘ritib, dimog‘ni achishtiradi.
Chorshanba kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy vakili konni jilovlash ishlari “yaqin kunlarda” amalga oshirilishini aytdi. Aynan qachon degan aniqlashtiruvchi savolga esa quyidagicha javob berdi:
“Asosiy ishimiz – profilaktik tadbirlarni amalga oshirib, aholini o‘sha joylarga borishining oldini olishimiz kerak. Hukumat komissiyasi ishlayapti, xalqaro tajriba o‘rganilgan. Qisqa vaqt deb aytamiz-ku, lekin aniq vaqti, necha kun ichida jilovlab olish... Chunki u yerda judayam yuqori bosim bor, katta bosimda chiqyapti. Bu bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti. Qisqa kunlar ichida oldi olinadi”.
Korrupsioner retsidivistlar soni qancha?
O‘zbekistonda korrupsiyaga qo‘l urgan davlat xizmatchilari yana davlat ishiga kirib olishi, keyin yana takroran korrupsiyaga qo‘l urishi yangilik emas. Lekin shu paytgacha jamoatchilik xabar topgan bunday holatlar soni ko‘p emasdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu boradagi raqamlar anchagina katta. Deputat Umida Rahmonovaning parlamentdagi yig‘ilishda ma’lum qilishicha, korrupsion jinoyat uchun sudlangan naq 566 kishi 2023 yilda davlat xizmatiga qayta qabul qilingan va yana korrupsiyaga qo‘l urgan.
Deputat bu ma’lumotni aytarkan, korrupsionerlarning ochiq elektron reyestrini ishga tushirish va bu reyestrdagi shaxslarga davlat ishida ishlashni taqiqlash masalasini ko‘tardi. Prezident farmoniga ko‘ra, bunday reyestrga oid qonun loyihasi 2021 yildayoq ishlab chiqilishi kerak edi. Korrupsiyaga qarshi kurashishi agentligi direktori Akmal Burhonov o‘sha yil oxirida bu qonun ustidagi ishlarning cho‘zilib ketishiga “bir-ikkita idoralarning e’tirozlari” sabab bo‘layotganini aytgandi.
Akmal Burhonov seshanba kungi parlament yig‘ilishida berilgan savolga javoban, agentlik qonun loyihasini ishlab chiqqani, lekin o‘tgan vaqt davomida uni takomillashtirish bo‘yicha administratsiyadan topshiriqlar bo‘lganini aytdi. Shu oy oxirigacha loyihani parlamentga kiritamiz, dedi Burhonov.
Eslatib o‘tamiz, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha boshqa bir muhim hujjat – davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash haqidagi qonunni qabul qilish ham uch yildan beri kechikyapti. Deklaratsiyalash 2022 yil 1 yanvardan boshlanishi kerak edi. Akmal Burhonov bu jarayon boshlangach, qaysi amaldorning qancha boyligi borligi hammaga ochiqlanishini aytgan. U o‘z bayonotlarida agentlik deklaratsiyalash tizimining texnik tomonlarini tayyorlab qo‘ygani, gap faqat tegishli qonunni qabul qilishda qolayotganini aytib keladi.
Kechikayotgan qonunlarni eslatish bilan birga, o‘tgan vaqt davomida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi muhim qonun kuchga kirganini ham e’tirof etishimiz kerak. Bu qonun bilan, davlat ishida ishlaydiganlarga biznes bilan shug‘ullanish taqiqlangan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bu taqiqqa rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatgan. Agentlikning shu hafta ma’lum qilishicha, 6 ta vazirlikning jami 514 nafar boshqaruv xodimi 556 ta kompaniyada ta’sischi ekani aniqlanib, qonunbuzilishi holatlariga chek qo‘yilgan.
Sobiq vazirning sudi jurnalistlar uchun yopildi
Bir necha oy oldin sobiq uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Muzaffar Soliyev 7 yilga qamalganida, jamoatchilik bunaqa jinoyat ishi borligi haqida negadir juda kech, apellyatsiya hukmi chiqqanidan keyingina xabar topgan edi. Bundan farqli ravishda, yaqinda boshlangan sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ustidan sud ochiq bo‘lishi kutilayotgandi. Bu bilan, o‘zbekistonliklar so‘nggi o‘n yilliklarda ilk marta vazir darajasidagi amaldorning ochiq-oshkora sudlanishiga guvoh bo‘lardi. Lekin bu kutilmalar o‘zini oqlamadi: yilning eng katta korrupsiyaviy keyslaridan biri yopiq sudda ko‘riladigan bo‘ldi.
Yunusobod tuman sudi 12 sentabr kuni jami 50 kishi ustidan borayotgan sud jarayonlarini yopiq rejimga o‘tkazishga qaror qildi. Sud bu borada da’vogarlardan birining iltimosnomasini qanoanlantirdi. Jarayonni ochiq o‘tkazishni so‘ragan ayrim sudlanuvchilar va advokatlarning iltimoslari esa rad etildi. Sudya Sardor Sodiqov bu qarorini sud jarayonida xizmat doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar yangrashi bilan izohladi. Shundan keyin jurnalistlar sud zalidan chiqarib yuborildi.
Hafta mobaynida, shuningdek, sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher To‘rayev ustidan ham sud hukmi o‘qilgani ma’lum bo‘ldi. 5 sentabr kuni Mirzo Ulug‘bek tuman sudi uni salkam 10 mlrd so‘mlik uzum ko‘chatlarini yetkazib berishda korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan deb topib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Soxta tenderda “yutgan” kompaniya rahbari bo‘lmish vazir o‘rinbosarining qizi esa 5 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan etilgan.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
O‘zbekiston paralimpiadada ham 13-o‘rinni qo‘lga kiritdi. “Olimpiadada 13-o‘rin, Paralimpiadada 13-o‘rin! Balki kimlargadir 13-raqam yoqmas, lekin O‘zbekistonga juda ham yoqyapti”, dedi bosh vazir Abdulla Aripov kutib olish marosimida. Para-atletlarimiz ham olimpiadachilar kabi taqdirlandi, prezident ular bilan uchrashib, davlat mukofotlarini topshirdi. Eslatib o‘tamiz, paralimpiyachilar Parijdan 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza bilan qaytishdi.
O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 11 sentabr kungi selektorda e’lon qildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hozirda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” nomli katta dastur tayyorlanyapti. Og‘ir mahallalarga respublika darajasidagi amaldorlar shaxsan biriktirilishi kutilmoqda. Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga har bitta kambag‘al oilaning kamida bir a’zosi oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun sharoit yaratish vazifasi topshirildi.
Botir Qodirov Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li ekani tasdiqlandi. Uchtepa tumanlararo fuqarolik sudi 11 sentabr kuni Qodirovning da’vosini qanoatlantirish haqida qaror chiqardi. Xonanda suddan keyin bergan intervyusida ukalari uning onasining sha’nini bulg‘agani uchun sudlashishga qaror qilganini aytib, yana bir bor Sherali Jo‘rayevning merosiga da’vo qilmasligini ta’kidladi. Ish apellyatsiyada ham ko‘rilishi kutilmoqda. Zohirshoh Jo‘rayevning fikricha, sud “yetarli dalil va isbotlarsiz” qaror qabul qilgan.
Toshkentda yo‘l harakati qoidalarini 363 marta buzgan Spark xatlovga olindi. Jarimalarning umumiy summasi 240 mln so‘mdan oshib ketgan. Majburiy ijro byurosidan xabar berishlaricha, avtomobil qarzdorlikni qoplash uchun auksionga chiqariladi. MIBning boshqa bir xabariga ko‘ra, Toshkent viloyatida aliment bo‘yicha noodatiy holat qayd etilgan: alimentdan qarzdorligi sabab chet elga chiqa olmagan ayol 3 nafar farzandi uchun sobiq eriga biryo‘la 1,7 mlrd so‘m aliment to‘lab bergan.
Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin O‘zbekistonga keldi. U hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishida qatnashdi, davlat rahbarining qabulida bo‘ldi, shuningdek, prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva bilan uchrashdi. Shu kuni Jizzaxda kam quvvatli AES qurilishini boshlash bo‘yicha bayonnoma imzolandi. Bu – jarayonning faol qurilish bosqichiga o‘tilganini anglatadi. Har biri 55 megavattli 6 ta reaktordan iborat stansiyada birinchi reaktor 5 yildan keyin ishga tushishi rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
18:02 / 23.12.2024
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024