Jamiyat | 13:04 / 15.09.2024
6544
2 daqiqa o‘qiladi

Shoira Bibisora Turobova 72 yoshida vafot etdi

Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoira Bibisora Turobova 72 yoshida vafot etdi. Marhumaning 10 ga yaqin she’riy kitoblari nashr etilgan, 2011 yilda yozilgan «O‘lsam, janozamni bulbul o‘qisin» she’ri mashhur bo‘lgandi.

Foto: Intervyu TV / YouTube

Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoira Bibisora Turobova 15 sentabr kuni vafot etdi, deya xabar bermoqda uyushma matbuot xizmati.

Bibisora Turobova 1952 yil 1 sentabrda Samarqand (hozirgi Navoiy) viloyati Xatirchi tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabdan keyin Maktabgacha ta’lim texnikumida o‘qib, so‘ng Samarqand davlat pedagokogika institutida ta’lim olgan.

U Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, mehribonlik uyi direktori lavozimlarida ham faoliyat yuritgan.

1990-yillarda Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lgan. 10 ga yaqin she’riy kitoblari nashr etilgan. Ayniqsa, «Kelin salom» va «Men izlagan quvonch» she’riy kitoblari katta e’tibor topgan. Ijtimoiy tarmoqlarda uning 2011 yilda yozilgan «O‘lsam janozamni bulbul o‘qisin» misralari bilan boshlanadigan she’ri O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov tomonidan yozilgan deya noto‘g‘ri talqin qilib kelingan.

Bibisora Turobova so‘nggi intervyularidan birida ijarama-ijara yurganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid