Ukrainalik sobiq oligarx Kolomoyskiy Kipr fuqaroligidan mahrum qilindi
Kipr hukumati Kolomoyskiyni «shubhali xarakterga ega shaxs» deb atadi. 2010 yilda tadbirkorga «oltin pasport» berish to‘g‘risidagi qaror respublika obro‘siga putur yetkazadi, deya hisoblaydi rasmiy Nikosiya.
Kipr hukumati sakkiz kishi, jumladan ukrainalik tadbirkor Igor Kolomoyskiyni fuqarolikdan mahrum qildi, deb xabar berdi Philenews gazetasi 14 sentabr kuni.
Kolomoyskiy 2010 yilda investitsiyalar evaziga «oltin pasport» oldi. Shu bilan birga, nashrning yozishicha, tadbirkor ikki yil avval Rossiyada unga nisbatan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha ish qo‘zg‘atilayotgani haqida Kipr rasmiylarini xabardor qilmagan.
Kipr hukumatining qarorida ta’kidlanishicha, tadbirkor fuqarolikka qabul qilingunga qadar ham, keyin ham «shubhali xarakterga ega shaxs» bo‘lib qoladi va unga fuqarolikni berish respublika obro‘si uchun katta xavf tug‘dirdi.
Kolomoyskiy Kiyevda hibsda saqlanmoqda
Kolomoyskiy hozirda Kiyevda hibsda saqlanmoqda. Ukraina rasmiylari uni 2013-2020 yillarda nazorat ostidagi banklar orqali xorijga o‘tkazib, 500 million grivnadan (13,6 million dollar) ko‘proq pul yuvishda, shuningdek, 1992 yilda asos solgan Privatbankdan 9,2 milliard grivna (250 million dollar) olganlikda ayblamoqda. Bundan tashqari, tadbirkor Ukraina sobiq prezidenti Leonid Kuchmaning kuyovi, oligarx Viktor Pinchukning advokati Sergey Karpenkoning buyurtma asosida o‘ldirilishini uyushtirganlikda gumon qilinmoqda.
2014 yilda Kolomoyskiy Rossiyada qotillik uyushtirish, urushning taqiqlangan vositalari va usullarini qo‘llash, jurnalistlarning kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish va odam o‘g‘irlashda ayblanib, sirtdan hibsga olingan edi. 2024 yil mart oyida Adigeya sudi uni ekstremist deb topdi.
Kolomoyskiydan tashqari rossiyalik Maksim Zaxarchenko, misrlik Muhammad Abdelrahmon Muhammad Salem va ularning oila a’zolari Kipr fuqaroligidan mahrum bo‘lishdi. Kipr 2020 yilda ko‘plab huquqbuzarliklar tufayli «oltin pasport» dasturini to‘xtatdi. Qaror qabul qilinishidan avval Al Jazeera jurnalistlari surishtiruv o‘tkazgan va ular hatto sudlangan xorijliklar va qidiruvda bo‘lganlar ham fuqarolik olishlari mumkinligini aniqlagan.