O‘zbekiston | 18:17 / 20.09.2024
39727
8 daqiqa o‘qiladi

Paxta narxi: Fermerlar va klasterlar o‘rtasidagi shartnomalar fermerlarning zarariga o‘zgartirilmoqda

Paxta-to‘qimachilik klasterlari jahon bozorida paxta xomashyosi arzonlashgani vaji bilan fermerlarga yetishtirilgan paxta uchun yil boshida tuzilgan shartnomalardagi narxda to‘lov qilishni istamayapti. Hukumat ularning istaklarini bajo keltirdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda fermerlar va klasterlar o‘rtasida paxta xomashyosini yetishtirish bo‘yicha yil boshida tuzilgan shartnomalarga qo‘shimcha kelishuvlar tuzilmoqda. Bu borada hukumat qarori qabul qilindi.

Qo‘shimcha kelishuvlar asosida paxta sotuvi narxi pasaytiriladi. Fermerlar va jamoatchilik vakillari buni fermerlarga nisbatan adolatsizlik deb hisoblamoqda.

Yil boshida 2024 yil hosilidan birinchi nav ikkinchi sinf bir tonna paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxi, jahon bozoridagi oxirgi 12 oylik o‘rtacha kotirovkalardan kelib chiqib, 7 mln 800 ming so‘m deb e’lon qilingan edi. Shunga muvofiq, fermerlar va klasterlar o‘rtasida fyuchers shartnomalari tuzish bo‘yicha birjadagi savdolarga shu boshlang‘ich narx asos bo‘lgandi.

Biroq shundan keyin o‘tgan davrda jahon bozorida paxta xomashyosi narxi arzonlashdi. Vazirlar Mahkamasining 16 sentabr kuni qabul qilingan “Paxta xomashyosi yetishtiruvchilarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ayni paytda jahon bozorida paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxlari tonnasiga 6 mln 800 ming so‘m atrofida shakllanmoqda.

Ushbu vaziyatda hukumat quyidagi choralarni e’lon qildi:

  • paxta yetishtiruvchilar tomonidan birja savdolari orqali realizatsiya qilingan (elektron hisob-faktura asosida) bir tonna paxta xomashyosi (paxta-to‘qimachilik korxonalari tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosi hamda urug‘lik paxta bundan mustasno) uchun 1 mln so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi (Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan);
  • 2024 yil uchun paxta yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilar o‘rtasida birja savdolarida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha qo‘shimcha kelishuv tuziladi, bunda paxta xomashyosining sotish narxi 6 mln 800 ming so‘mdan kam bo‘lmasligi inobatga olinadi;
  • 2024 yil hosilidan fyuchers shartnomalaridan tashqari paxta xomashyosini birja savdolariga chiqarishda uning boshlang‘ich narxini tonnasiga 6 mln 800 ming so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda e’lon qilinadi;
  • 2024 yilda barcha hududlarda paxta terish mashinalari tomonidan terilgan har bir tonna paxta xomashyosini yig‘ib-terib olish xizmati bahosining 20 foizini, biroq 250 ming so‘mdan oshmagan qismi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Yuqoridagilar bilan birga, qarorda paxta xomashyosi narxlari shakllanishiga davlat boshqaruvi, shu jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining aralashuvi qat’iyan man etilgan.

Fermerlar bu hujjatda ko‘zda tutilgan subsidiyani to‘liq o‘zlari tasarruf eta olmaydi. Belgilanishicha:

  • subsidiya birinchi navbatda paxta yetishtiruvchilarning 2024 yil hosili paxta xomashyosini yetishtirish uchun olgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha qarzdorligini so‘ndirishga yo‘naltiriladi;
  • imtiyozli kreditlar bo‘yicha qarzdorlik qoplangandan so‘ng, subsidiya soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni qoplashga yo‘naltiriladi, qolgan mablag‘lar paxta yetishtiruvchilarning asosiy hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi;
  • subsidiyani to‘lash uchun ajratiladigan mablag‘larning hisobvaraqlardagi debet aylanmasidan bank xizmatlari uchun haq undirilmaydi.

Bu qaror doirasida yuzaga keladigan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga davlat budjetidan 5 yil muddatga 3,5 trln so‘mgacha foizsiz budjet ssudasi ajratiladi.

Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi subsidiyaning to‘g‘ri hisoblanishi va maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat o‘rnatishi kerak.

Hujjatga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 25 iyuldagi 452-son qaroriga asosan sog‘lomlashtirilayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan 2024 yil hosili bo‘yicha shartnoma (fyuchers, spot va vaqtincha saqlashga) tuzgan fermer xo‘jaliklariga, shuningdek, o‘z yer maydonlarida paxta yetishtirgan klasterlar va fermer xo‘jaliklariga yig‘im-terim xarajatlarini moliyalashtirish uchun jamg‘arma hisobidan imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Imtiyozli kreditlar elektron tarozi orqali qabul qilingan paxta xomashyosi uchun 10 oy muddatga, yillik 10 foiz stavkada (2 foiz bank marjasi) paxta qiymatining 20 foizi miqdorida 3 oylik imtiyozli davr va so‘nggi 7 oyda teng ulushlarda qaytarish sharti bilan ajratiladi.

“Paxtaning fyuchers narxi ko‘tarilganida, fermerga shartnomani qayta tuzishga hech kim hujjat chiqarib bermasdi-ku!”

Hukumat qarori fermerlarda e’tirozlar uyg‘otmoqda. Kun.uz'ga murojaat qilgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari arzon narxda qo‘shimcha kelishuvlar tuzish uchun ularga bosim qilinayotgani, yangi shartlarga ko‘nmaguncha, ayrim klasterlar terilgan paxtani olmayotganini ma’lum qildi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov bu jarayonda fermerlarning ziyoniga, klasterlarning foydasiga ishlayotgan qator omillarga e’tibor qaratdi.

“O‘zbek paxtasi bir necha yildan buyon umuman eksport qilinmaydi. Ya’ni, O‘zbekistonda yetishtirilayotgan paxta global paxta bozorining ishtirokchisi emas, tabiiyki, uning narxlari o‘zbek paxtasiga qayerda jismoniy talab bo‘lsa, o‘sha joyda shakllanishi kerak. Ya’ni O‘zbekistonning ichida.

Ikkinchi bir jihat, albatta, O‘zbekistonda paxta narxi shakllanishiga global paxta bozoridagi narxlar haqidagi axborotlar bilvosita ta’sir o‘tkazadi. Lekin global paxta bozori ishtirokchilaridan ochiq bozorga paxtasini olib chiqadigan Misr, AQSh va Avstraliyadan O‘zbekistonga paxta keltirish qanchaga tushadi? Boj umuman yo‘q, deb tasavvur qilganimizda ham? E’tibor qilingki, paxta hajmiga nisbatan transportirovkasi juda qimmat tovar. Va shuning uchun ham, aytaylik, klasterlarimiz hatto qo‘shnilarimiz Qirg‘iziston va Tojikistondan paxta import qilishga shoshilishayotgani yo‘q.

Uchinchidan, xomashyo paxta narxlarining "o‘ynab" turishi normal va foydali holat o‘laroq qabul qilinishi kerak. Shuning uchun ham. qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va sotib oluvchilar tomonlarning risklariga muvofiq va taqsimlagan holatda fyuchers bitimlari tuzishadi. O‘zingiz o‘ylang, agarda fevralda paxta 8 ming so‘m emas, 6 ming so‘m bo‘lganida bironta fermer o‘z ixtiyori bilan risk qilib paxta ekarmidi? Klaster kuzda oladigan paxtasi 8 ming so‘m bo‘lishini kecha emas, fevralda bilganku, o‘z ixtiyori bilan shartnoma tuzgan-ku!” – deya yozdi Bakirov o‘z kanalida.

Davletovuz kanali muallifi jurnalist Qobil Xidirovga ko‘ra, klasterlarga yordam fermerlarning cho‘ntagidan bo‘lmasligi kerak.

“Bu fyuchers narx shakllanishini va vaziyatni manipulyatsiya qilib, fermerlarning yana nonini tuya qilishga urinishdan boshqa narsa emas. Klasterlarga yordam fermerlarning cho‘ntagi, reja-maqsadlari hisobidan amalga oshirilmasligi lozim. Paxtaning fyuchers narxi tushmaganda, balki ko‘tarilganda fermerga shartnomani qayta tuzishga hech kim hujjat chiqarib bermasdi-ku!

Hukumat eng quyida eng katta ish beruvchi, ishlab chiqaruvchi bo‘lgan fermerlarning ham fikrini eshitishi lozim. Qaror esa bir tomonlama yondashuv asosida chiqarilgan. Ayrim amaldorlarning manipulyativ o‘yinlari fermerni xonavayron qilmasin”, – dedi jamoatchilik faoli.

Mavzuga oid