O‘zbekiston | 12:20 / 20.09.2024
15836
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda tezligi yuqori BYD maktab o‘quvchisini urib yubordi

Sergeli tumanida avtobusdan tushib, yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tmoqchi bo‘lgan o‘quvchini yuqori tezlikda harakatlanib kelgan BYD urib yuborgan. Qizning ahvoli ma’lum emas. Rasmiylar holatga izoh bermayapti.

Toshkent shahrining Sergeli tumanidan o‘tgan yo‘lda 19 sentabr, payshanba kuni piyoda ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi, deb xabar berdi Kun.uz manbasi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sergeli yo‘li shohko‘chasida avtobus belgilanmagan joyda yo‘lovchilarni tushirib qoldirgan. O‘z yo‘nalishida harakatlanib kelgan, davlat raqami belgisi 01 444 VFA bo‘lgan BYD Song Plus avtobus oldidan yo‘lning belgilanmagan joydan kesib o‘tayotgan o‘quvchi qizni urib yuborgan. Kun.uz’ga yuborilgan videotasvirlarda BYD’ning tezligi shaharda ruxsat etilganidan yuqori ekanligi (taxminan, soatiga 75-80 km) ko‘rinadi.

Qizning ahvoli hozircha ma’lum emas.

Kun.uz holatga aniq kiritish uchun poytaxt IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganovga bog‘landi, biroq savollarga javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Avvalroq Navoiy viloyati Xatirchi tumanida 2-sinf o‘quvchisi piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotganida uni juda katta tezlikda harakatlangan BYD mashinasi turtib o‘tib ketgan, qizcha piyodalar yo‘lakchasiga yiqilgan paytda esa uni soatiga 142 km tezlikda ketayotgan boshqa bir BYD mashinasi bosib o‘tib ketgandi. Oqibatda, og‘ir tan jarohatlari olgan qizcha voqea joyida halok bo‘lgan.

Ikkala haydovchiga Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangandi.

Mavzuga oid