O‘zbekiston | 17:40 / 21.09.2024
5757
3 daqiqa o‘qiladi

Boysundagi konda mehnat sharoitlari va xavfsizlik qoidalariga amal qilingani tekshirilmoqda

Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida nazorat inspeksiyasining Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, M25 konida sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakunida mehnat sharoitlari va xavfsizlik qoidalariga amal qilingani bo‘yicha ma’lumot beriladi. Shuningdek, ish materiallari ish ochish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etiladi.

Foto: Kun.uz

Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida 17 sentabr kuni yana vodorod sulfid gazi chiqishi bilan bog‘liq avariyada 4 kishi halok bo‘ldi, 11 kishi jabrlandi.

Kun.uz Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi bilan bog‘lanib, Boysunda yuz bergan hodisa bo‘yicha inspeksiya tomonidan nimalar qilinayotganiga qiziqdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisani o‘rganish bo‘yicha Energetika vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi hamda tegishli idoralar bilan birgalikda ishchi guruh tuzilgan.

Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2024 yil 19 sentabrda qabul qilingan buyruq bilan ushbu guruhiy baxtsiz hodisa yuzasidan maxsus tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakuniga yetganidan so‘ng barcha hujjatlar (materiallar) umumlashtiriladi va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga ish ochish uchun taqdim etiladi.

Mehnat sharoitlari va xavfsizlik qoidalariga amal qilingani bo‘yicha hamda holatni o‘rganish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijasi bo‘yicha ma’lumotlar tekshiruv yakunlangandan so‘ng taqdim etilishini ma’lum qilamiz”, – deyiladi inspeksiya axborotida.

Ma’lumot uchun, ushbu nazorat organining vazifalari qatoriga quyidagilar kiradi:

  • yer qa’rini geologik o‘rganishda undan foydalanish va muhofaza qilish, foydali qazilmalarni (shu jumladan, yer osti suvlarini) qazib olish, mineral xomashyoni qayta ishlashda yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga hamda yer qa’ridan foydalanish shartlariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
  • Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi xavfli ishlab chiqarish obektlarida hamda konchilik, portlatish ishlari, portlovchi materiallarning aylanmasi va metallurgiya yo‘nalishlari sanoat xavfsizligi sohalarida qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish va boshqalar.

Avvalroq jurnalistlar savollariga javob bergan Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i O‘ktam O‘tayev 17 sentabr kungi avariyada ishchilarning halok bo‘lishi va jabrlanishi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotganini aytgandi. “Natijasi bo‘yicha ma’lumot beriladi”, degandi Bosh prokuratura mas’uli.

Mavzuga oid