Jahon | 10:30 / 24.09.2024
10535
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya samolyoti bir kunda Yaponiya havo chegaralarini uch marta buzdi

Yapon qiruvchilari 60 yildan ortiq vaqtdan beri birinchi marta Il-38 samolyotiga signal raketalari bilan ogohlantirish berdi, deb yozadi WSJ. Tokio Moskvaga keskin norozilik bildirdi.

Foto: USAF/Planet Pix/ZUMA/picture alliance

23 sentabr, dushanba kuni Yaponiyaning F-15 va F-35 qiruvchi samolyotlari Yaponiya havo hududini buzgan Rossiya harbiy razvedka samolyotiga ogohlantiruvchi raketalar uchirdi, deb yozadi The Wall Street Journal (WSJ). Ta’kidlanishicha, bu voqea 1958 yildan beri yapon mudofaa kuchlarining ogohlantiruvchi raketalari uchirilgan birinchi shunday hodisaga aylandi.

Yaponiya vazirlar mahkamasi bosh kotibi Yoshimasa Xayashining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Il-38 patrul samolyoti 23 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:00 dan 16:00 gacha Yaponiya shimolidagi Rebunna oroli suvlari ustidan uchib uch marta Yaponiya havo hududiga kirgan.

Yoshimasa Xayashi qo‘shimcha qilishicha, Yaponiya ushbu qoidabuzarlik yuzasidan Rossiyaga «o‘ta kuchli norozilik» bildirdi. WSJ ta’kidlaganidek, Yaponiya harbiy-havo kuchlari ikki marta Rossiya samolyotiga havo hududini tark etish to‘g‘risida ogohlantirish va talablar yuborgan, uchinchi ogohlantirishdan so‘nggina signal raketalarini uchirgan. Rossiya Mudofaa vazirligi nashrning vaziyatga izoh berish so‘roviga javob qaytarmadi.

Yaponiya chegaralarini buzish holatlari ko‘paydi

So‘nggi yillarda Rossiya harbiylari Xitoy harbiylari bilan qo‘shma mashg‘ulotlarda qatnashib, Yaponiya hududida tobora ko‘proq harakat qilmoqda, shu bilan birga, har ikki davlat G‘arb va uning ittifoqchilariga qarshi aloqalarni mustahkamlamoqda, deya qayd etadi WSJ.

Shunday qilib, o‘tgan dam olish kunlari «Shimol — O‘zaro hamkorlik 2024» rus-xitoy o‘quv mashg‘ulotlarining navbatdagi bosqichi Oxotsk dengizi va Yapon dengizida harbiy kemalar ishtirokida bo‘lib o‘tdi. «Unda shartli dushmanning havodan, suvdan va suvostidan hujumini qaytarish mashqlari ishlab chiqildi», deya xabar beradi «RIA Novosti» nashri. Sentyabr oyi boshida ikkala harbiy-dengiz kuchlari ham shunga o‘xshash mashqlarni o‘tkazgan edi, ularni Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Tinch okeanida AQShga qarshi turish uchun zarur» deb atadi.

Yaponiya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, SSSR davridan beri Yaponiya havo hududini Rossiya harbiy samolyotlari eng ko‘p buzgan — 48 ta havo hududining buzilishining 44 ga yaqini Sovet Ittifoqi yoki Rossiya tomonidan sodir etilgan.

Mavzuga oid