O‘zbekiston | 12:24 / 24.09.2024
6332
4 daqiqa o‘qiladi

To‘rtta viloyatda yerni noqonuniy sotishga uringanlar qo‘lga olindi

DXX o‘tkazgan reydlar davomida Namangan, Xorazm, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati hududlarda reyd tadbiri o‘tkazib, Namangan, Xorazm, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlarini aniqladi. Bu haqda Telegram`dagi Xavfsizlik kanali tezkor tadbirda olingan lavhalarni e’lon qildi.

Xususan, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining mansabdor xodimi o‘zining turmush o‘rtog‘iga dehqonchilik qilish uchun ajratib berilgan 1 gektar yerni tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishga kelishadi. U buning evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilib, 6900 AQSh dollari va 15 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, joriy yilning mart oyida ushbu yer maydoni mazkur mansabdor shaxsning turmush o‘rtog‘i tomonidan auksion orqali sotib olinib, aprel oyida tuman hokimligi bilan ijara shartnomasi tuzilganligi hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda Urganch tumani hokimligining xodimi 47 yoshli shaxs bilan o‘zaro kelishgan holda, aldov yo‘li bilan xaridorning ishonchiga kirishadi. Xususan, unga tuman hokimining 2018 yildagi qaroriga muvofiq, maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari qurish maqsadida boshqa bir fuqaroga ajratib berilgan, biroq, tasdiqlash uchun viloyat hokimining qarori chiqarilmasdan va tegishli tartibda kadastr xujjatlari ishlab chiqilmasdan, davlat ro‘yxatiga kiritilmay qolgan 1 gektar yer maydonida yengil tipdagi kottejlar qurish mumkinligini aytishadi.

Shuningdek, tuman hokimining 2018 yildagi qarorini joriy yilda qabul qilingan «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiqlashtirib berishni ma’lum qilishadi. Gumonlanuvchilar xizmati evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 30 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi bo‘lgan, kadastr va arxitektura faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy firma rahbari ham ushbu pul mablag‘idan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahar kadastr bo‘limi boshlig‘i o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Nurota tumani hududida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 1 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSh dollari talab qilgani ma’lum bo‘ldi. U oldindan 6 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Surxondaryo viloyatining Denov shahrida yashovchi 50 yoshli fuqaro o‘zining turmush o‘rtog‘i nomidagi fermer xo‘jalikka chorva ozuqa ekinlari ekish uchun ijara shartnomasi asosida ajratib berilgan 5,33 gektar yer maydonini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 80 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid