O‘zbekiston | 16:56 / 25.09.2024
15740
2 daqiqa o‘qiladi

Bahodir G‘oyibnazarov hokimlikka qaytdi

U muqaddam Olmazor va Shayxontohur tumanlariga rahbarlik qilgan va ikki tuman rahbarligidan ham prezident tanqidiga uchrab ketgandi, endi Shavkatbek Irgashev o‘rniga Mirzo Ulug‘bek tumaniga hokim bo‘ldi.

Bahodir Rixsialiyevich G‘oyibnazarov Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi etib tayinlandi.

Bahodir G‘oyibnazarov 1970 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan.

1997 yilda Toshkent davlat agrar universitetini iqtisodchi-tashkilotchi, 2005 yilda O‘zbekiston Milliy universitetini huquqshunos mutaxassisliklari bilan tamomlagan.

Ma’lumot uchun, Bahodir G‘oyibnazarov 2017 yil aprel oyida prezident tanqididan keyin Olmazor tumani hokimi lavozimidan ozod etilgan, ammo o‘sha yil oxirida, 2017 yil dekabridan Shayxontohur tumaniga hokimlik qila boshlagandi.

U 2018 yil avgustida ham prezident uning rahbarligidagi Shayxontohur tumanidagi vaziyatni keskin tanqid qilgan va u yana hokimlikdan ketgandi.

G‘oyibnazarov 2021 yildan shu kunga qadar Toshkent shahar hokimligi tashkiliy-kadrlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Mirzo Ulug‘bek tumaniga 2018 yil aprelidan buyon Shavkatbek Irgashev rahbarlik qilayotgandi. U avval ham, 2005−2013 yillarda ushbu tumanni boshqargan, 2013-2018 yillarda esa Uchtepa tumani hokimi bo‘lgandi. Uning ishdan ketish sababi ma’lum emas.

Mavzuga oid