Jahon | 11:23 / 25.09.2024
2833
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil havo hujumlari ortidan minglab kishilar Livanni tark etmoqda

Dpa ma’lumotlariga ko‘ra, yuzlab livanliklar urush vayronalaridan omon qolish uchun Suriyaga yo‘l olmoqda. AP xabariga ko‘ra, minglab odamlar Livan janubidan qochyapti.

Foto: WAEL HAMZEH / EPA

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) ma’lumotlariga ko‘ra, Livanda davom etayotgan «Hizbulloh» harakatining harbiy obektlariga qarshi Isroil havo hujumlari fonida yuzlab odamlar Livanni Suriya tomon tark etmoqda. Bu haqda dpa agentligi 24 sentabr, seshanba kuni xabar berdi.

Chegara xizmati rasmiysining agentlikka aytishicha, odamlar Suriya chegarasiga Bekaa vodiysi va Livan sharqidagi boshqa hududlardan kelishmoqda. Gap asosan Suriyada suriyalik turmush o‘rtog‘i yoki boshqa qarindoshlari bo‘lgan livanliklar haqida ketmoqda, deya dpa o‘zining "Masnaa" chegara punktidagi suhbatdoshidan iqtibos keltirgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Livanda 1,5 million suriyalik qochqin va boshqa suriyaliklar istiqomat qiladi.

Bayrut va qirg‘oq bo‘yidagi Sidon shahrida janglar natijasida uylarini tark etishga majbur bo‘lgan livanlik oilalar maktablarga joylashtirildi, deb xabar beradi AP. Ayni paytda mehmonxonalar narxlarni shunchalik ko‘tardiki, ko‘p oilalar u yerda xona topa olmay, mashinalarida uxlashga majbur bo‘lyapti.

National News Agency Livan davlat axborot agentligiga ko‘ra, Bayrutdan 65 km shimoli-sharqda joylashgan Baalbek shahrida novvoyxonalar va gaz ballonlarini to‘ldirish stansiyalari oldida navbatlar hosil bo‘lgan.

AP xabariga ko‘ra, minglab livanliklar Yaqin Sharqdagi mojarolar avj olgani sababli mamlakat janubiy tumanlarini tark etmoqda.

Isroil va "Hizbulloh" o‘rtasidagi mojaroda harbiy harakatlar rivoji

24 sentabr kuni tushdan keyin Isroil Bayrutga navbatdagi havo hujumini amalga oshirdi. AP ma’lumotlariga ko‘ra, deyarli 560 kishi halok bo‘lgan. Ushbu qurbonlarning qanchasi jangchi ekanligi aniqlanmagan.

The Times of Israel internet-nashrining harbiy doiralardagi manbalariga tayanib yozishicha, TsAHALning Bayrutga bergan zarbasi nishoni "Hizbulloh" raketa bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan. Uning taqdiri hozircha noma’lum.

Avvalroq Isroil harbiylari Livan hududidan Isroilning shimoliy hududlari tomon 55 tadan ortiq raketa uchirilgani haqida xabar bergan edi. Bunga javoban Livan hududiga o‘nlab zarbalar bergan Isroilning nishonlaridan biri, shu jumladan, ushbu hujumni amalga oshirgan yacheyka bo‘lgan, deya ta’kidlaydi TsAHAL.

AP xabariga ko‘ra, Isroil tanklari va artilleriyasi Livan chegarasi yaqinidagi nishonlarni ham o‘qqa tutdi. Xabarda aytilishicha, Livan janubidagi Isroil tomonidan havo hujumlariga uchragan hudud jami 1700 kvadrat kilometrni tashkil etgan.

«Biz "Hizbulloh" so‘nggi 20 yil ichida jangovar harakatlar uchun qurgan infratuzilmaga hujum qilmoqdamiz», dedi Isroil bosh shtab boshlig‘i Gersi Halevi. O‘z navbatida, Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant Livan bo‘ylab guruh nishonlariga qarshi operatsiya kengaytirilganini ma’lum qildi. Isroil hukumati mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etdi, u kamida 30 sentabrgacha davom etadi.

O‘z navbatida, "Hizbulloh" jangchilari 24 sentabrga o‘tar kechasi va o‘sha kuni ertalab Isroildagi sakkizta nishonga, jumladan, Livan bilan chegaradan 60 km uzoqlikda joylashgan Zixron-Yaakov shahridagi portlovchi moddalar zavodiga raketalar bilan hujum qilganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid